Yaqinda ishga tushirilgan Toshkent IIBB YHXB sayti (toshkentyhxb.uz) bosh boshqarma faoliyatini ochiqligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan boshqa choralar kabi aholining ichki ishlar organlariga ishonchini oshirishga yordam berishi kerak, dedi O‘zbekiston ichki ishlar vaziri o‘rinbosari, IIBB boshlig‘i Rustam Jo‘rayev yaqinda jurnalistlar bilan bo‘lib o‘tgan muloqoti davomida.

Uning fikricha, huquqni muhofaza qiluvchi nafaqat o‘z vazifasini yaxshi bajarishi, balki uni to‘g‘ri ko‘rsatib bera olishi ham kerak.

«Biz YHXB saytini faqatgina odatiy ishlarimizni ko‘rsatish uchun ochmadik. Qancha jarimalar, qancha mashinalar jarima maydonchasiga jo‘natilgani yoki olib qo‘yilgani — bu bizning ishimiz va kimlargadir unchalik ham qiziq emas. [Odamlarga] qanday yaxshi ishlar qilganimiz qiziqroq. Biroq bu faqatgina boshlanishi, biz xodimlarimiz obro‘sini ko‘tarish uchun o‘z ustimizda, saytimiz ustida ishlashni davom ettiramiz», — dedi IIBB rahbari.

YHXB sayti ishga tushganidan 10 kundan kamroq muddat ichida 149 ta taklif va murojaat kelib tushdi. «Mobil reportyor» bo‘limi orqali kelib tushayotgan yo‘l harakati qoidalari buzilishi qayd etilgani to‘g‘risidagi fotosuratlar va videoroliklar asosida choralar qo‘llanilmoqda. Rustam Jo‘rayevning so‘zlariga ko‘ra, YHXB Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi «Voditeli Tashkenta» guruhida e’lon qilingan materiallarga ham munosabat bildirayapti.

IIBB boshlig‘i YHQ buzilishlari to‘g‘risida huquqni muhofaza qilish organlariga murojaat qiluvchilarni «stukachlar» deb hisoblovchi internet foydalanuvchilari so‘zlariga ham izoh berib o‘tdi.

«Biz har 100 metrga YPX inspektorini qo‘yib chiqa olmaymiz. Agarda fuqarolarimiz faol fuqarolik pozitsiyasini namoyon etsa, bu bizga kuchli yordam beradi. Men „Voditeli Tashkenta“ guruhidagi izohlarni o‘qidim, shundaylar ham borki, buni „stukachlik“ deb hisoblaydi. Bu noto‘g‘ri, aminmanki, bu so‘zlarni o‘zi qoidalarni buzib, baland tezlikda yurishni yaxshi ko‘radiganlar yozadi. Barchasining o‘rniga buning ustida ishlashimiz kerak», — dedi u.