2018 yil yanvar-fevral oylarida O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasi hajmi 3,9 mlrd AQSH dollarini tashkil qildi, deya xabar berdi O‘zbekiston Statistika qo‘mitasi Tashqi iqtisodiy faoliyat va savdo statistikasi boshqarmasi.

Eksport 1,5 mlrd dollar va import 2,4 mlrd dollarni, tashqi savdo aylanmasi saldosi minus 939,4 mln AQSH dollarini tashkil etdi. Energiya tashuvchilar va neft mahsulotlari eksporti hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 2,7 barobarga oshgan, bunda tabiiy gaz eksporti 3,8 barobarga, mashina va uskunalar — 79,7 foizga ko‘paydi.

Bug‘doy eksportining 3,1 barobarga va oziq-ovqat mahsulotlarining — 36,9 foizga oshgani hisobiga oziq-ovqat mahsulotlari eksporti 48,2 foizga oshdi.

Eksport tuzilmasida xizmatlarning ulushi 32,6 foizni (486,1 mln dollar), energiya tashuvchilari va neft mahsulotlari — 23,2 foizni (345,7 mln dollar), kimyo mahsulotlari va ulardan tayyorlangan buyumlar — 7 foizni (104,2 mln dollar), mashina va uskunalar — 3,1 foizni (46 mln dollar), paxta va tola — 2,6 foizni (39,5 mln dollar) hamda boshqa mahsulot va xizmatlar — 15,7 foizni (234,7 mln dollar) tashkil etdi.

Import tuzilmasida mashinalar va uskunalar ulushi 36,7 foiz (893,2 mln dollar), kimyo mahsulotlari va ulardan tayyorlangan buyumlar — 14,9 foizni (361,7 mln dollar) tashkil etdi. Shuningdek, 320,3 mln dollarlik oziq-ovqat mahsulotlari (13,2 foiz), 255,3 mln dollarlik qora va rangli metallar (10,5 foiz), 186,8 mln dollarlik energiya tashuvchilar va neft mahsulotlari (7,7 foiz), 151 mln dollarlik xizmatlar (6,2 foiz) chetdan import qilingan.

Tashqi savdoda Rossiya (25,6 foiz), Xitoy (22 foiz), Qozog‘iston (9,3 foiz), Turkiya (5,8 foiz), Koreya Respublikasi (4,8 foiz), Afg‘oniston (2,4 foiz), Germaniya (2,2 foiz), Belarus (2,1 foiz), Ukraina (1,6 foiz), Latviya (1,5 foiz), Tojikiston (1,2 foiz), AQSH (1,1 foiz) va boshqa davlatlar eng katta ulushlarga ega bo‘lib turibdi.