14 mart kuni O‘zbekiston tomoni ichki davlat protseduralarini yakunladi — O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 9 mart kuni Dushanbe shahrida imzolangan O‘zbekiston va Tojikiston fuqarolarining o‘zaro kelib ketishlari to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimni tasdiqladi, deya xabar qildi TIV matbuot xizmati.

Navro‘z arafasida ikki mamlakat aholisiga qulay shart-sharoit yaratish maqsadida Tojikiston fuqarolariga ushbu Bitimni rasman kuchga kirishiga qadar vaqtinchalik qo‘llash to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

16 martdan e’tiboran Tojikiston fuqarolari amaldagi safar hujjatlari (diplomatik, xizmat va xorijga chiqish umumiy fuqarolik pasporti) bilan O‘zbekiston Respublikasi hududida vizasiz (30 kungacha) bo‘lishlari mumkin.

Bitimning kuchga kirish sanasi va O‘zbekiston fuqarolarining Tojikistonda bo‘lishiga nisbatan qo‘llanishi to‘g‘risidagi ma’lumot qo‘shimcha tarzda e’lon qilinadi.