Qashqadaryo viloyatida 2018 yilning dastlabki ikki oyi davomida jinoyatlar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan ikki barobarga kamaydi, deya xabar qildi Jinoyat ishlari bo‘yicha Qashqadaryo viloyat sudi «Gazeta.uz"ga xabar qildi.

Viloyatda umumiy jinoyatchilik 709 tadan 309 taga, ya’ni 56,42 foizga; jinoyat qidiruv sohasidagi jinoyatlar soni esa 451 tadan 251 taga, ya’ni 44,2 foizga kamaygan.

Kamaygan jinoyatlar sirasiga qotillik, qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish, nomusga tegish, talonchilik, o‘g‘irlik va bosqinchilik, ayniqsa firibgarlikning kirishi hududda vaziyatning barqarorlashib borayotganini ko‘rsatmoqda.

10 220 nafar MFY raislari, profilaktika inspektorlari, xalq ta’limi, sog‘likni saqlash, bandlik tashkilotlari vakillari hamda psixologlar va imomlar kiritilgan 730 ta doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi ishchi guruhlar tashkil etildi.

Har bir sektorda ishchi guruhlar aniqlagan jinoyat va huquqbuzarlik omillarini bartaraf etish va huquqiy maslahat berish uchun jinoiy, fuqaroviy, ma’muriy va iqtisodiy sudlar sudyalari nazorat guruhlari tarkibida faoliyat yuritmoqda.

Viloyatda jinoyat sodir etishga moyil shaxslar, ya’ni muqaddam jinoiy yoki ma’muriy javobgarlikka tortilgan, surunkali spirti ichimlik ichuvchi shaxslar va tarbiyasi og‘ir o‘smirlar yashovchi xonadonlar aniqlandi. Bu toifa shaxslar tomonidan takroran jinoyat sodir etilishining oldini olish maqsadida 271 ta oilaga moddiy yordam ko‘rsatildi, 246 ta notinch oila yarashtirildi, muhimi jinoyatga moyil bo‘lgan, ammo ishsiz yurgan 529 nafar shaxsning bandligi ta’minlandi, 97 nafari mahalla yig‘inlari, yoshlar, xotin-qizlar tashkilotlari kafilligiga berildi.

Bundan tashqari, «Yoshlar ittifoqi», «Mahalla», «Nuroniy», xotin-qizlar qo‘mitalari, imom xatiblar tomonidan maxsus «Yo‘l xaritasi"ga binoan huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida aholi o‘rtasida 6 800 dan ortiq targ‘ibot tadbirlari o‘tkazildi.

Bu yo‘nalishda sudlar 184 ta jinoiy ishni, ya’ni jami ishlarning 38,1 foizini mahallalar, o‘quv muassasalari, mehnat jamoalariga borib sayor tartibda ko‘rishi jinoyatchilik va huquqbuzarlik profilaktikasiga ijobiy ta’sir o‘tkazdi.

Sud majlislarida aniqlangan jinoyatlarga sabab bo‘lgan omillarni bartaraf qilish haqida sudlar tegishli davlat boshqaruvi va huquq idoralariga 120 ta xususiy ajrimlar chiqardilar.