Qarshining «Nasaf» klubi Osiyo chempionlar ligasi guruh bosqichi to‘rtinchi turi doirasida Qatarning «Al Sadd» jamoasidan mag‘lubiyatga uchradi. Seshanba kuni Doxada bo‘lib o‘tgan uchrashuv 4:0 hisobida yakunlandi.

Qatar klubi yarim himoyachisi Xavi «Al Sadd"ning Osiyo Chempionlar ligasidagi tarixida eng tezkor golni kiritgan holda hisobni ochdi. «Barselona"ning sobiq kapitani rekord o‘rnatishi uchun 2 daqiqa 28 soniya kerak bo‘ldi. Undan avvalgi natija Emersonga tegishli bo‘lib, 2008 yilda 2-daqiqaning 35-soniyasida hisobni ochgan.

E’tiborlisi, bu ispan o‘yinchisining OCHLdagi birinchi goli hisoblanadi. «Nasaf» darvozasi yana uch marta Abdulkarim Hassan, Bag‘dod Buneja va Jugurta Hamrun tomonidan ishg‘ol etildi.

To‘rt tur yakunlari bo‘yicha Ro‘ziqul Berdiyev jamoasi olti ochko bilan uchinchi pog‘onani egallab turibdi. Birinchi va ikkinchi o‘rinlarni «Al Sadd» va Eronning «Persepolis» (9 ochko) egallab turgan bo‘lsa, BAAning «Al Vasl» jamoasi so‘nggi pog‘onani band etgan.

Video