Milliy xavfsizlik xizmati O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati etib qayta tashkil etildi. Chorshanba kuni prezident Shavkat Mirziyoyev davlat xavfsizligi tizimini takomillashtirish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi, deya xabar qildi «O‘zbekiston 24» telekanali «Axborot 24» dasturi.

Xizmat O‘zbekistonda konstitutsiyaviy tuzumni himoya qiladigan, respublikaning suvereniteti, yaxlitligi va xavfsizligiga ichki va tashqi tahdidlarga qarshi kurash olib boradigan vakolatli organ sifatida belgilanmoqda.

Farmonda qayd etilishicha, MXXga uning maqomi va vakolat chegaralarini aniq belgilab beruvchi qonunchilik akti bo‘lmagan holatda milliy xavfsizlikni ta’minlashning barcha jihatlari yuklatilgani mazkur mahkamaning barcha sohalarda davlat organlari faoliyatiga asossiz ravishda aralashuvini keltirib chiqardi.

Farmonga berilgan rasmiy sharhda keltirilishicha, Idoraning nomidan «milliy xavfsizlik» tushunchasining chiqarilishi uning vakolatlari asossiz tarzda kengayishiga shart-sharoit yaratgan omillarni bartaraf etish zarurati bilan bog‘liq. Chunki lokal miqyosdagi har qanday muammo milliy xavfsizlikka tahdid sifatida ko‘rilishi mumkin edi. Mazkur o‘zgartirish ushbu idoraning diqqat-e’tiborini davlat ahamiyatiga ega real tahdidlarga qaratadi. «Davlat xavfsizligi» atamasi xavfsizlikni ta’minlash doirasini aniq belgilaydi va mazkur sohadagi faoliyat yo‘nalishlarini ajratib beradi.

Farmon bilan Davlat xavfsizlik xizmati O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumini, suverenitetini, hududiy yaxlitligini va manfaatlarini tashqi va ichki tahdidlardan himoya qiluvchi maxsus vakolatli organ etib belgilandi.

Davlat xavfsizlik xizmati faoliyatini tashkil etishning ustuvor yo‘nalishlari belgilandi.

Birinchidan, mazkur idoraning maqomi, vakolatlari va faoliyat yo‘nalishlarini belgilagan holda «O‘zbekiston Respublikasining Davlat xavfsizlik xizmati to‘g‘risida"gi qonunni ishlab chiqish va qabul qilish nazarda tutilmoqda. 26 yil oldin qabul qilingan Milliy xavfsizlik xizmati to‘g‘risidagi amaldagi nizom faoliyatni samarali tashkil etishga imkon bermaydi hamda mamlakatning ijtimoiy-siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy hayotida yuz bergan muhim o‘zgarishlarni aks ettirmaydi.

Ikkinchidan, bugungi kundagi xavf-xatar va tahdidlarga qarshi kurashishning ta’sirchan shakllari hamda uslublarini joriy etish, shu maqsadda idoraning samarali tashkiliy tuzilmasini shakllantirish zarurligi belgilandi.

Uchinchidan, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga og‘ishmay rioya etishning alohida muhim ahamiyati ta’kidlandi. Shundan kelib chiqqan holda, Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan inson huquqlari qonuniy kafolatlarining qat’iy ta’minlanishiga ustuvor ahamiyat beriladi.

To‘rtinchidan, kadrlarni tanlash va tayyorlashning mutlaqo yangi tizimi tashkil etiladi, harbiy xizmatchilarning ijtimoiy himoyasi kuchaytiriladi. Mazkur choralar Davlat xavfsizlik xizmatiga har tomonlama rivojlangan va vatanparvar yoshlarni jalb etishga imkon beradi. Shu o‘rinda idora vakillarining harbiy xizmatchi sifatidagi maqomi ko‘rsatib o‘tildi, mazkur holat ularga nisbatan harbiy xizmatni o‘tash bilan bog‘liq barcha cheklov va majburiyatlar tatbiq etilishini anglatadi.

Beshinchidan, Davlat xavfsizlik xizmati o‘z faoliyatini idora ishining shakllari va uslublari hamda harbiy xizmatchilarning idoraviy mansubligi haqidagi ma’lumotlar oshkor bo‘lishini istisno etadigan konspiratsiya tamoyillari asosida tashkil etishi belgilandi. Bu davlat xavfsizligini ta’minlash vazifalarini bajarishda mavjud kuch va vositalardan samarali foydalanishni ta’minlaydi.

O‘ziga xos bo‘lmagan vazifa va funksiyalarni istisno qilish maqsadida Milliy xavfsizlik xizmati vakolatida bo‘lgan ayrim ruxsat beruvchi vakolatlar 2018 yil 1 apreldan boshqa idoralarga o‘tkaziladi yoki tugatiladi.

Xizmatning asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari etib esa quyidagilar belgilandi:

  • O‘zbekistonning davlat xavfsizligi va manfaatlarini tashqi va ichki tahdidlardan himoya qilishni ta’minlash, mazkur sohada qonuniylik va qonun ustuvorligini mustahkamlash, huquqbuzarliklarning oldini olish, ularni aniqlash va ularga barham berish;
  • O‘zbekistonning konstitutsiyaviy tuzumi, suvereniteti va hududiy yaxlitligiga tajovuzlarning oldini olish, ularni aniqlash hamda ularga barham berish bo‘yicha razvedka va kontrrazvedka faoliyatini amalga oshirish;
  • O‘zbekistonning davlat chegaralarini qo‘riqlash va himoya qilish;
  • O‘zbekistonning Qurolli Kuchlari va mudofaa-sanoat majmuasini davlat xavfsizligiga xavf-xatarlar hamda tahdidlardan himoya qilish, mamlakat mudofaa qobiliyatini mustahkamlash bo‘yicha strategik tashabbuslarni amalga oshirishda ishtirok etish;
  • terrorizm, ekstremizm, uyushgan jinoyatchilikka, qurol-yarog‘, giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy muomalasiga qarshi kurashish;
  • davlat manfaatlari va xavfsizligiga tahdid soluvchi milliy, irqiy, a diniy adovatni targ‘ib etishga qaratilgan buzg‘unchilik faoliyatining oldini olish, uni aniqlash va unga barham berish;
  • iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, ijtimoiy va axborot sohalarida davlat xavfsizligini ta’minlash, O‘zbekiston xalqining tarixiy-madaniy va boy ma’naviy merosini himoya qilish;
  • davlat organlari va boshqa tashkilotlarda davlat manfaatlari va xavfsizligiga tahdid soluvchi korrupsiya holatlariga qarshi kurashish;
  • telekommunikatsiya va transport sohasida davlat xavfsizligini ta’minlash, favqulodda holatlarni yuzaga keltiruvchi omillarning oldini olish, aniqlash va ularga barham berish;
  • Xizmat tergov qilish vakolatiga kiruvchi jinoyat ishlari bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv va dastlabki tergovni olib borish va tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshirish;
  • davlat organlari va boshqa tashkilotlarda davlat sirlari saqlanishi, maxsus aloqa xavfsizligining ta’minlanishi hamda axborotlarni kriptografik himoya qilishni tashkil etish ustidan nazoratni amalga oshirish;
  • davlat manfaatlari va xavfsizligiga tahdid soluvchi huquqbuzarliklar sodir etilishiga imkon beradigan sabab va shart-sharoitlarni aniqlash hamda bartaraf etish.