O‘zbekiston Bosh prokuraturasi huzurida Majburiy ijro byurosi tashkil etilganiga bir yildan kam vaqt o‘tgan bo‘lsa, ushbu davr mobaynida davlat inspektorlariga qarshilik ko‘rsatish bo‘yicha 121 holat qayd etildi. Bu haqda «O‘zbekiston 24» telekanali «Axborot 24» dasturi xabar qildi.

56 ta holat bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan bo‘lsa, 20 kishi byuro xodimlariga tan jarohati yetkazgani uchun ozodlikdan mahrum etildi.

Joriy yil yanvar oyida byuro iste’molchilardan 3,135 trln so‘m miqdoridagi qarzdorlikni undirdi. Jumladan, elektr energiyasidan — 924 mlrd so‘m, tabiiy gazdan — 2,166 trln so‘m, ichimlik suvidan — 45,3 mlrd so‘mlik qarzlar to‘landi.

Reportajda qayd etilishicha, byuro xodimlari ba’zida juda keskin vaziyatlarga duch kelmoqda. Odamlar ularga nisbatan tajovuzkorona munosabatda bo‘lib, haqoratlash va hattoki tan jarohati yetkazish holatlari ham uchramoqda.

Tabiiy gazdan 1,5 mln so‘m qarzi bo‘lgan fuqarolardan biri byuro mol-mulklari va xodimlar salomatligiga tahdid qilib, inspektorlar faoliyati haqida reportaj tayyorlayotgan «O‘zbekiston 24» operatoriga ham tashlanib qoldi.

Samarqand viloyati Bulung‘ur tumanida istiqomat qiluvchi fuqaroga esa ana shunday xatti-harakatlar sodir etgani uchun sud tomonidan uch yil muddatga axloq tuzatish ishlariga jalb qilish va oylik maoshining 10 foizidan ushlab qolish ko‘rinishidagi jazo chorasi tayinlandi. U elektr energiyasidan 7,5 mln so‘m qarzi bo‘lib turib uyni elektr tarmog‘idan uzish uchun kelgan byuro xodimini haqoratlab, kaltaklagan.

Xuddi shunday holat Namangan viloyati Norin tumanida ham sodir bo‘ldi. Erkak kishi qarindoshlari bilan inspektorga musht tushirib, uning shifoxonaga yotishiga sabab bo‘lgan. Qonunbuzarlik uchun jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

17 fevral kuni Qashqadaryo viloyatining Koson tumanida elektr tarmog‘iga noqonuniy ulangan do‘konni aniqlagan byuro xodimi shifoxonaga yotqizildi. Dalolatnoma tuzish vaqtida savdo nuqtasi egasining do‘sti mast holatda kelib inspektor bilan janjallashi, pichoq yordamida unga tan jarohatini yetkazadi. Jabrlanuvchining hayoti qutqarib qolindi, zo‘ravonga nisbatan jinoiy javobgarlik tayinlanadi.

Ko‘rsatuvda qayd etilishicha, davlat inspektorlari u yoki bu oiladagi vaziyatni ob’ektiv o‘rgangan holda qarzlarni undirishni vaqtincha kechiktirish haqidagi masalani ko‘rib chiqishlari mumkin.

Video