O‘zbekistonda qozoq shoiri va mutafakkiri Abay Qo‘nonboyev ijodiy merosi keng o‘rganiladi. Bu haqda O‘zbekiston prezidentining 13 martdagi qarorida so‘z boradi.

Abay Qo‘nonboyevning «Saylanma» asarini hamda «O‘zbek va qozoq adabiy aloqalari» nomli adabiy-tahliliy maqolalar to‘plamini nashrga tayyorlash va chop etish rejalashtirilmoqda.

Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida «Abay va o‘zbek adabiyoti» nomli doimiy ekspozitsiya tashkil etiladi.

Har yili shoir tug‘ilgan 10 avgust sanasida Toshkent shahrida o‘rnatilgan Abay Qo‘nonboyev haykali poyiga gul qo‘yish marosimi va mushoira o‘tkaziladi.

Bundan tashqari, o‘quvchi va talaba-yoshlar o‘rtasida «Abay asarlarining bilimdoni» insholar ko‘rik-tanlovi o‘tkaziladi, ommaviy axborot vositalarida Abay Qo‘nonboyev hayoti va ijodi haqida turkum ko‘rsatuv va eshittirishlar, maqolalar berib boriladi, uchrashuvlar, adabiy kechalar tashkil etiladi.