Varshavada Polsha-O‘zbekiston savdo-sanoat palatasi ro‘yxatdan o‘tkazildi. Mazkur SSPning vazifasi ikki mamlakat tadbirkorlariga ishbilarmonlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish va potensial biznes hamkorlarni topishda yordamlashishdan iborat. Bu haqda «Jahon» axborot agentligi xabar qildi.

SSPga polshalik tadbirkor, to‘qimachilik sohasida 10 yildan ko‘proq vaqtdan beri o‘zbek sheriklar bilan ishlab kelayotgan KORAX R. K, kompaniyasi rahbari Petr Kozlovskiy rais etib saylandi.

Raisning so‘zlariga ko‘ra, palata dolzarb iqtisodiy masalalarni muhokama qilish va tadbirkorlik faoliyati muammolari bo‘yicha pozitsiyalarni ishlab chiqish uchun maydoncha bo‘ladi. SSP kichik, o‘rta va yirik biznes manfaatlarini himoya qilib, sanoat, ichki va tashqi savdo, qishloq xo‘jaligi, moliya tizimi, xizmatlar va boshqa yo‘nalishlarni qamrab oladi. U shuningdek iqtisodiy va investitsion forumlarni tashkil etish bilan ham shug‘ullanadi.