18−19 mart kunlari O‘zbekistonda umumxalq xayriya hashari o‘tkaziladi. Mamlakat hukumati shu haqdagi qarorni qabul qildi, deya xabar berdi Adliya vazirligi Telegram-kanal orqali. Mart va aprel oylarida an’anaga muvofiq, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish oyliklari o‘tkaziladi.

Navro‘z bayrami (21 mart) arafasida o‘tkaziladigan hashar ishtirokchilari hududlarni obodonlashtirish va chiqindilardan tozalash, daraxt ko‘chatlarini o‘tqazish va ularni parvarishlash, yolg‘iz va e’tiborga muhtoj fuqarolarga yordam ko‘rsatish kabi ishlarda qatnashadi.

Hashar munosabati bilan vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlarda mehnat qilayotgan xodimlarning bir kunlik ish haqi miqdoridagi mablag‘lari O‘zbekiston «Mahalla» xayriya jamoat fondining bankdagi hisob raqamlariga ixtiyoriy ravishda o‘tkazilishi belgilandi.

Joriy yilda Navro‘z munosabati bilan ketma-ket besh kun — 18−22 mart kunlari dam olish deb e’lon qildi.