2016−2017 yillarda O‘zbekiston davlat byudjetiga Toshkentdagi sobiq «Abu Saxiy» bozori daromadidan 439 mlrd so‘m miqdoridagi mablag‘ kelib tushmagan, deya xabar qildi «O‘zbekiston 24» telekanalining «Axborot 24» dasturi.

Yanvar oyida «Toshkent savdo markazi» majmuasiga aylantirilib, xorijiy investor jalb qilingach (nomi oshkor qilinmayapti), byudjetga tushumlar hajmi ortdi, sotilayotgan mahsulotlar turlari kengayib, narxlar arzonlashdi, deyiladi Bosh prokuratura multimedia markazi tayyorlagan lavhada.

Narxlarning pasayishiga sabablardan biri sifatida ijara to‘lovlari miqdorining kamaytirilgani keltirilgan. Xo‘jayin almashganidan so‘ng do‘konlar ijarasidan tushuvchi daromadlar hajmi — 5 barobarga: 381 mln so‘mdan 1,9 mlrd so‘mga; boshqa ijara turlaridan — 6,5 barobarga: 307 mln so‘mdan 1,3 mlrd so‘mga; vaqtincha saqlash omborxonalari ijarasidan — 6,5 barobarga: 70 mln so‘mdan 460 mln so‘mga; avtoturargohlar va boshqa xizmatlardan — qariyb 2 barobarga: 1,2 mlrd so‘mdan 2 mlrd so‘mga o‘sdi. Bozor hududidagi reklama maydonchalaridan tushgan daromad miqdori esa 30 barobarga — 4 mln so‘mdan 120 mln so‘mga ortdi.

2017 yil davomida «Abu Saxiy"dan 82 mlrd so‘m bojxona to‘lovlari kelib tushgan bo‘lsa, «Toshkent savdo markazi» faoliyatining uch oylik yakunlari bo‘yicha bu raqamlar 53 mlrd so‘mni tashkil etdi. Yil yakunlari bo‘yicha mazkur ko‘rsatkichning 212 mlrd dollarga yetishi kutilmoqda, deyiladi xabarda.

So‘rov o‘tkazilgan tadbirkorlar yangi ma’muriyat rasman ko‘zda tutilgan to‘lovlardan tashqari qo‘shimcha yig‘imlarga chek qo‘yganini ma’lum qildi. Yil boshidan buyon bozorda faoliyat ko‘rsatayotgan tadbirkorlar soni 275 nafardan 2535 nafarga oshdi.