Toshkent Ichki ishlar bosh boshqarmasi aholi punktlari ko‘chalarida tezlikni cheklash bo‘yicha jahon tajribasini tahlil qilmoqda. Bu haqda shanba kuni bo‘lib o‘tgan birinchi ochiq muloqotda O‘zbekiston ichki ishlar vaziri o‘rinbosari, Toshkent IIBB boshlig‘i Rustam Jo‘rayev jurnalistlarga ma’lum qildi.

«Gazeta.uz» muxbirining shaharda yo‘l harakati xavfsizligini oshirish maqsadida ruxsat berilgan tezlikni cheklash imkoniyatlari to‘g‘risidagi savoliga Rustam Jo‘rayev quyidagicha javob berdi: «Biz xalqaro tajribani o‘rgandik. Yevropaning 29 ta davlatida tezlik 50 km/s, Londonda — 48 km/s». Dunyoda O‘zbekistondagi kabi 70 km/s tezlikka ruxsat berilgan davlatlar ko‘p emas, dedi u.

IIBB rahbari tezlik to‘g‘risidagi savolga tayyorlanib kelgani turli davlatlarda aholi punktlarida ruxsat berilgan tezlik taqqoslangan slaydni namoyish etganida ko‘zga tashlandi.

Sobiq ittifoqning ko‘plab davlatlari -Rossiya, Qozog‘iston, Armaniston, Gruziya, Ozarbayjonda — aholi punktlarida ruxsat berilgan eng yuqori tezlik 60 km/s ni tashkil etadi, dedi Rustam Jo‘rayev. Ukraina esa 1 yanvardan tezlikni 60 km/s dan 50 km/s ga tushirdi.

«10 km/s da qanday farq bor?.. 60 km/s tezlikda to‘xtash yo‘li birmuncha qisqaradi, agar quruq asfaltda 70 km/s tezlik bilan taqqoslansa, bu masofa 12 m atrofidani tashkil etadi. Ya’ni piyoda yoki qandaydir to‘siq oldida to‘xtash imkoniyati birmuncha ortadi», — dedi vazir o‘rinbosari. U tezlik qancha yuqori bo‘lsa, haydovchi reaksiyasi shuncha yomonlashishini qo‘shimcha qildi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda ro‘y berayotgan yo‘l-transport hodisalari natijasidagi har uchinchi o‘lim holati aynan yuqori tezlik bilan bog‘liq.

JSST tezlikni nazorat qilish bo‘yicha samarali choralar sifatida ko‘chalarga harakatni sokinlashtiruvchi qo‘shimcha qismlar (ko‘tarilgan piyodalar o‘tish yo‘laklari, xavfsizlik orolchalari, o‘tish qismini toraytirish, chorrahalarda aylanma harakatlanishni joriy etish va boshqalar) o‘rnatish, har bir yo‘l uchun mo‘ljallangan alohida tezlik cheklovlari (masalan maktablar va bolalar bog‘chalari yaqinida — 30 km/s) belgilash, cheklangan tezlikka rioya etilishini ta’minlash va tezlikni me’yoridan oshirish xavf-xatarlari to‘g‘risida xabardorlikni oshirishni tavsiya qiladi.