12 martdan Toshkent IIBB YHXB ro‘yxatdan o‘tkazish va imtihon olish bo‘lim va barcha bo‘linmalarida haftaning dushanba kunlari ish kuni qilib belgilandi. Poytaxt IIBBdan xabar qilinishicha, bunday qaror fuqarolarga qulaylik yaratish va navbatlarni qisqartirish maqsadida qabul qilindi.

Dushanbadan boshlab Mirzo Ulug‘bek tumani aholisiga xizmat ko‘rsatish uchun yangi 4-sonli tumanlararo ro‘yxatdan o‘tkazish va imtihon olish bo‘linmasi ochilmoqda. U Mirobod tumani Vodil ko‘chasi 54-uy manzilida joylashgan.

Yakkasaroy tumani aholisiga endilikda 1-sonli tumanlararo ro‘yxatdan o‘tkazish va imtihon olish bo‘linmasi xizmat ko‘rsatadi. Mazkur bo‘linma Sergeli avtomobil bozorida joylashgan. Chilonzor tumanidagi 3-sonli bo‘linma esa ta’mirlash ishlari olib borilayotgani munosabati bilan 19 martdan har dushanba kunlari faoliyat ko‘rsatadi.

Bundan tashqari, barcha bo‘lim va bo‘linmalarda qo‘shimcha ravishda jamg‘arma kassalari darchalari ochildi. Transport vositalari agregat raqamlarini solishtirish maskanida katta navbatlarni bartaraf etish maqsadida qo‘shimcha xodim va vositalar jalb etildi. Fuqarolarning haydovchilik guvohnomalarini yangi namunadagi milliy haydovchilik guvohnomalariga almashtirish uchun qo‘shimcha xonalar tashkil etildi.