O‘zbekiston hukumati Hi-Tech City Xalqaro yuqori texnologiyali innovatsion markaz quriladigan maydonni belgilab berdi. Vazirlar Mahkamasining 5 martdagi qaroriga muvofiq, markaz Amir Temur, Kichik halqa yo‘li, Sandiqqo‘rg‘on va Iftixor ko‘chalari o‘rtasidagi hududda joylashadi (xarita).

Ilg‘or axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish uchun qulay sharoitlarni yaratish maqsadida tashkil etilayotgan mavze Toshkent axborot texnologiyalari universiteti yaqinida joylashib, Xalqaro biznes markaz va O‘zekspomarkaz maydonini o‘z ichiga oladi.

Mart oyi davomida bo‘lg‘usi markaz joylashtiriladigan hududdagi buzilishi lozim bo‘lgan turar joylar va inshootlar bu yerda haqiqatdan ham yashayotgan oilalar ro‘yxati shakllantirilgan holda inventarizatsiyadan o‘tkaziladi. Ularga yangi yer uchastkalari ajratilishi lozim.

Avvalroq Hi-Tech City qurilishi uchun to‘rtta variant taklif etilgani xabar qilingan edi. Janubiy Koreyaning POSCO Daewoo kompaniyasi bilan birgalikda amalga oshirilayotgan loyiha qiymati 1,4 mlrd dollarni tashkil etadi.

Ayni paytda O‘zbekiston poytaxtida Tashkent City Xalqaro ishbilarmonlik markazi ham qurilmoqda.