O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Prezident Imomali Rahmonning taklifiga binoan 9 mart kuni davlat tashrifi bilan Tojikiston Respublikasiga keldi, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Dushanbe xalqaro aeroportida davlat rahbarini Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon kutib oldi.

Foto: fb.com/khadamotimatbuot

O‘zbekiston Prezidenti sharafiga butun shahar bo‘ylab davlat bayrog‘i ko‘tarilgan. Ko‘chalarga chiqqan minglab tojikistonliklarning yuz-ko‘zidagi hursandchilik ushbu tashrif ular uchun orziqib kutilgan voqea ekanidan dalolat beradi.

Darhaqiqat, o‘zaro munosabatlar tarixida bu O‘zbekiston Prezidentining Tojikistonga ilk davlat tashrifidir. Tomonlar ushbu muzokaralarga mamlakatlarimiz hamkorligini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish, uni amaliy mazmun bilan boyitish uchun imkoniyat sifatida qaramoqda.

Oliy darajadagi muzokaralarda turli sohalardagi ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari muhokama etiladi, tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik masalalar ko‘rib chiqiladi.

Foto: fb.com/khadamotimatbuot

Turli sohalarda hamkorlikni rivojlantirish, ikki mamlakat xalqiga qulayliklar yaratishga qaratilgan tarixiy hujjatlar imzolanadi.

Tashrif doirasida biznes-forum va O‘zbekiston milliy sanoat ko‘rgazmasi, ikki mamlakat san’at ustalari ishtirokida konsert tashkil etiladi.