Juma kuni Dushanbedagi «Qasri Millat» qarorgohida Tojikistonga davlat tashrifi bilan kelgan O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan rasmiy uchrashuv marosimi bo‘lib o‘tdi. Oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortib, ikki davlat madhiyalari yangradi, deya xabar qildi O‘zbekiston rahbari matbuot xizmati.

Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Imomali Rahmon tor doirada uchrashuv o‘tkazdi. O‘zbekiston rahbari ta’biri bilan aytganda bu ikki davlatlar xalqlari uchun uzoq kutilgan uchrashuv bo‘ldi.

«Shuning uchun zimmamizda ulkan javobgarlik bor: biz nafaqat xatolarni bartaraf etishimiz, balki munosabatlarimizni mutlaqo yangi darajaga olib chiqishimiz lozim», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

O‘tgan yili bo‘lib o‘tgan ikki davlat rahbarlari uchrashuvida siyosiy ishonch darajasi oshirilib, O‘zbekiston-Tojikiston hamkorligini rivojlantirishga yangi turtki berilgan edi.

2017 yil yakunlari bo‘yicha mahsulot ayirboshlash hajmi 240 mln dollarni tashkil etdi. Bu so‘nggi 20 yil davomidagi eng yuqori ko‘rsatkich. Bunda mahsulotlar yetkazib berish hajmi xizmatlarni hisobga olmaganda, so‘nggi ikki yil ichida 10 barobardan ziyodroqqa oshdi.

Ikki davlat poytaxtlari o‘rtasida aviaqatnovlar qayta tiklandi. G‘alaba-Amuzang temir yo‘li qayta tiklandi, Samarqand-Panjikent uchastkasida A-377 xalqaro avtomobil yo‘li ochildi. Yaqin kunlarda o‘zbek-tojik davlat chegarasidagi barcha chegara viloyatlarida o‘tkazish punktlari faoliyati qayta yo‘lga qo‘yildi.

Muzokaralarda siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliyaviy, transport-kommunikatsiya, suv-energetika, turizm, madaniy-gumanitar sohalarda va hududlararo hamkorlikni rivojlantirish, fuqarolarning o‘zaro qatnovi uchun qulayliklarni oshirish masalalari muhokama etildi.

Ikki mamlakat hukumatlariga o‘zaro savdo hajmini oshirish va uning tarkibini diversifikatsiya qilish masalalarini o‘rganish topshirildi. Foydalanilmayotgan zaxiralarni ishga solish bo‘yicha takliflar o‘rtaga tashlandi, turli qo‘shma ishchi guruhlar tashkil etish tashabbusi ilgari surildi.

Shuningdek, mintaqaviy va xalqaro tuzilmalar doirasidagi hamkorlik, xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash, bugungi tahdid va xatarlarga qarshi samarali kurashish masalalari ko‘rib chiqildi.