O‘zbekiston va Tojikistonning savdo-iqtisodiy hamkorligini rivojlantirish Dushanbeda ikki davlat prezidentlari rahbarligidagi delegatsiyalar muzokaralarining asosiy mavzusi bo‘ldi. Bu haqda O‘zbekiston rahbari matbuot xizmati xabar qildi. Muzokaralarda rasmiy delegatsiyalar a’zolari, ikki mamlakat vazirliklari va yirik kompaniyalari rahbarlari, chegaraoldi viloyatlari hokimlari ishtirok etdi.

O‘zaro tovar ayirboshlash hajmi o‘tgan yili 240 million dollarni tashkil etgani qayd qilindi. Prezident Shavkat Mirziyoyev tovar ayirboshlashni ko‘paytirish va uning hajmini yaqin yillarda 500 million dollarga yetkazish uchun hali ishga solinmagan ulkan salohiyat mavjudligini ta’kidladi.

Ikki mamlakat bozorida xaridorgir mahsulotlarni yetkazib berishni ko‘paytirish, savdo-logistika tarmog‘ini kengaytirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

O‘zbekiston mamlakatlar hududlari va yetakchi korxonalari o‘rtasidagi kooperatsiyani kengaytirishdan manfaatdor. Muzokaralarda qishloq xo‘jaligi texnikasini yig‘ish, zamonaviy qurilish materiallari, tayyor to‘qimachilik, elektrotexnika va oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha loyihalar taklif etildi.

Transport va tranzit tashuvlari sohasi ham hamkorlikning strategik yo‘nalishidir. O‘zbekiston Prezidenti bu boradagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish hamda temir yo‘l orqali yuk tashish hajmini oshirish uchun birgalikda zarur sharoitlar yaratishga tayyorligini bildirdi.

Mintaqa suv resurslaridan oqilona va adolatli foydalanish, shuningdek, turizm, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlik masalalari muhokama etildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Prezident Imomali Rahmonni o‘zi uchun qulay vaqtda O‘zbekistonga davlat tashrif bilan kelishni taklif etdi.