O‘zbekiston va Tojikiston prezidentlari Shavkat Mirziyoyev va Imomali Rahmon 9 mart kuni Dushanbeda faoliyati 2011 yilda to‘xtatilgan G‘alaba-Amuzang-Xushadi temir yo‘l tarmog‘ining rasmiy ochilish marosimida ishtirok etdi.«O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ matbuot xizmatining xabar qilishicha, davlat rahbarlari ramziy tugmani bosib, teleko‘prik rejimida O‘zbekistonning Surxondaryo viloyatidagi «Amuzang» va Tojikistonning Xatlon viloyatidagi Xushadi stansiyalari o‘rtasida ilk poyezd qatnovini kuzatishdi.

O‘zbekiston rahbarining Dushanbega tashrifi arafasida 1 mart kuni «Amuzang» temir yo‘l chegara-o‘tkazish punkti va qator avtomobil chegara-o‘tkazish punktlari faoliyati qayta tiklangan edi.

Imomali Rahmon tarmoqlar faoliyatining qayta tiklanganini ulkan hodisa deb atadi. «Mamlakatlarimiz o‘rtasida yuk oqimini oshirish va savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish bilan bir qatorda, [bu] Tojikistonning aholisi 3,5 million nafardan oshuvchi janubiy viloyatlaridagi ijtimoiy-iqtisodiy hayotni yaxshilash uchun zamin yaratadi», — dedi u.