Shavkat Mirziyoyevning 9−10 mart bo‘lib o‘tadigan Tojikistonga davlat tashrifi doirasida imzolash uchun 27 hujjat, 140 million dollarlikdan ziyod shartnomalar tayyorlangan. Bu haqda davlat rahbari matbuot kotibi Komil Allamjonov ma’lum qildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Tojikistonga davlat tashrifidan ulkan natijalar kutilmoqda. Tashrif doirasida imzolash uchun 27 hujjat tayyorlangan. Davlat rahbarlarining Qo‘shma bayonoti, O‘zbekiston — Tojikiston davlat chegarasining alohida uchastkalari to‘g‘risidagi shartnoma, Fuqarolarning o‘zaro qatnovi to‘g‘risidagi bitim ular orasida eng muhimlaridir, dedi Komil Allamjonov.

Shuningdek, tashrif doirasida o‘tkaziladigan biznes-forum va O‘zbekiston milliy sanoat ko‘rgazmasida umumiy qiymati 140 million dollardan ziyod bo‘lgan tijorat shartnomalari imzolanishi kelishilgan.

«Bilasiz, Prezidentimiz konstruktiv ish olib boradi va masalalarni joyida hal qiladi. Shu nuqtai nazardan, tashrif paytida kelishuvlar miqdori yanada oshishi mumkin», — deyiladi xabarda.