O‘zbekiston Prezidenti Shavkat mirziyoyev 7 mart kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ayollarni Xalqaro xotin-qizlar kuni bilan tabrikladi.

«Ayolning nafosati va nazokati, vafo va sadoqati, aql-zakovati va fidoiyligi asrlar mobaynida yer yuzida hayot davomiyligi va abadiyligiga asos bo‘lib keladi. Shu bois ham dunyodagi eng buyuk san’at asarlari, qo‘shiq va qasidalar, me’moriy obidalar ayollar sha’niga bag‘ishlangandir», — dedi Prezident.

«Oila va jamiyat ustuni, hayotimizning fayzi va ko‘rki bo‘lgan xotin-qizlarni e’zozlash, ularga hurmat va ehtirom ko‘rsatish xalqimiz uchun azal-azaldan buyuk qadriyat bo‘lib kelgan va shunday bo‘lib qoladi. Chunki sizlar bilan hayotimiz go‘zal va mazmunli, xonadonlarimiz obod va nurafshondir», — deya qayd etdi davlat rahbari.

«Hech shubhasiz, O‘zbekiston deb atalgan jonajon Vatanimizda har qaysi mard yigit avvalo mehribon onasi, oilasi, farzandlari baxtli bo‘lishini albatta istaydi, hazrat Alisher Navoiy bobomiz aytganlaridek, bu yo‘lda o‘zining butun borlig‘ini bag‘ishlashga tayyor turadi», — deya ta’kidladi u.

Shavkat Mirziyoyev o‘z nuqtida ayollar turmush va mehnat sharoitlarini yaxshilash, ular manfaatlarini himoya qilish, onalik va bolalikni muhofaza qilish bo‘yicha ishlar, shuningdek hal etish lozim bo‘lgan muammolarga to‘xtalib o‘tdi.

O‘tgan bir yil davomida biz xalqimiz, jumladan, xotin-qizlar bilan muloqot olib borish davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Maktabgacha ta’lim muassasalari tarmog‘ini rivojlantirish, sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirish, turar joy muammolarini bartaraf etish, yangi ish o‘rinlarini ochish bo‘yicha dasturlar jamiya murojaatlariga javob tariqasida yo‘lga qo‘yildi.

«Biz bu ishlarning barchasini katta yo‘ldagi dastlabki qadamlar, deb bilamiz. Hayotimizni yangilash, onalarimiz, opa-singillarimizni rozi qilish maqsadida boshlagan ishlarimiz biz kutgan amaliy natijalarni berishi uchun kelgusida ularni yanada kuchaytiramiz», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident dunyo muammolari — xalqaro terrrizm, ekstremizm, narkotrafika, noqonuniy migratsiya, odam savdosi, ekologik muammolarga ham to‘xtalib o‘tdi.

Bu borada qo‘shni davlatlar bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantirishga alohida e’tibor berilmoqda. Xorijiy mamlakatlarda qonuniy asosda mehnat qilayotgan, ta’lim olayotgan fuqarolarga nisbatan munosabat tubdan o‘zgartirildi. Xorijiy davlatlarda muvaffaqiyatli ishlab yurgan yuqori malakali olim va mutaxassislar, vrachlar, salohiyatli investorlar O‘zbekistonga taklif etilmoqda.

«Mamlakatimizda ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish maqsadida diniy-ekstremistik oqimga mansub shaxs sifatida hisobda turadigan fuqarolarga nisbatan munosabatimizni butunlay o‘zgartirdik. Bunday shaxslarni o‘zimizga yaqin olib, dardiga quloq tutganimiz bugun o‘z natijasini bermoqda. Hozirgi vaqtda ana shunday minglab fuqarolar sog‘lom turmush tarziga qaytarildi», — dedi Prezident.

«Biz shahar va qishloqlarimiz, butun yurtimizni yanada ravnaq toptirish, xalqimiz hayotini munosib darajaga ko‘tarish bo‘yicha qanday reja va dasturlar qabul qilsak, avvalo siz, azizlarning orzu-niyatlaringiz va manfaatlaringizni ro‘yobga chiqarishni o‘z oldimizga vazifa qilib qo‘yganmiz. Hozirgi kunda bu borada katta amaliy ishlarni boshlamoqdamiz», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

«Butun mamlakatimiz bo‘yicha zamonaviy loyihalar asosida ulkan qurilish va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Bu borada ayniqsa „Obod qishloq“ dasturi muhim ahamiyatga egadir. Bu avvalo ayollarimizning turmush sharoitini yaxshilash, ularning kayfiyati, dunyoqarashini yuksaltirishga juda katta ijobiy ta’sir ko‘rsatadigan dasturdir. Ana shunday dasturlarimiz asosida yo‘llar, ta’lim va tibbiyot, madaniyat, sport maskanlari, uy-joylar yangilanmoqda. Minglab zamonaviy ishlab chiqarish korxonalari, kichik biznes, turizm va xizmat ko‘rsatish ob’ektlari barpo etilmoqda», — deya ma’lum qildi u.

«Mening tilagim, mening maqsadim bitta — oilangiz, farzandlaringiz, el-yurtimiz baxtiga hamisha sog‘-omon bo‘linglar! Nega deganda, ayollarimizning baxti — xalqimiz, jamiyatimizning baxtidir», — dedi yakunda O‘zbekiston Prezidenti.