O‘zbekiston Avtomobil va daryo transporti agentligi O‘zbekiston Avtomobil transporti agentligi («O‘zavtotrans» agentligi) etib qayta tashkil etildi. Daryo transport sohasidagi davlat boshqaruvi bo‘yicha agentlik vakolatlari (kemachilik registri) Favqulodda vaziyatlar vazirligiga topshiriladi. Bu O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 6 martdagi «Avtomobil transportini boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorida ko‘zda tutilgan.

Hujjatda qayd etilishicha, avtotransport xo‘jaliklarini modernizatsiya qilish zamonaviy talablar darajasida emas, sohada ilg‘or axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va intellektual transport tizimlari yetarli darajada joriy etilmayapti. Og‘ir yuk tashuvchi avtotransport vositalarining harakatdagi tarkibi parkining eskirganligi yuqoriligicha qolmoqda. Mamlakatning avtotransport xizmatlari eksporti va tranzitini oshirish salohiyatining imkoniyatlari va zaxiralaridan to‘laqonli foydalanilmayapti.

«Tashish jarayonlari, qatnov jadvallariga rioya etilishi, yo‘lovchilar tomonidan yo‘l haqini elektron tarzda to‘lash samaradorligi, tushumning yig‘ilishi va to‘laligi ustidan markazlashtirilgan dispetcherlik boshqaruvi va nazorati tizimi mavjud emas… Avtomobilda tashishlar va yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash yuzasidan nazorat choralarining tubdan kuchaytirilishi yo‘lovchilar avtotransportida favqulodda vaziyatlarning oldini olish bo‘yicha profilaktik choralar ko‘rishni talab etadi», — deyiladi qarorda.

Hujjat bilan avtotransport sohasida vakolatli davlat boshqaruvi organlarining ortiqcha takrorlovchi jarayonlari bekor qilinmoqda.

2018−2021 yillarda 437 ta yangi yo‘lovchi yo‘nalishlarini tashkil etish hamda 84 ta avtovokzal va avtostansiyani qurish va rekonstruksiya qilishning, iqtisodiyot sohalari va aholining respublika chekka mintaqalarida tashishlarga bo‘lgan ehtiyojlarini inobatga olgan holda yangilangan maqsadli ko‘rsatkichlari, shuningdek, yuklarni xalqaro avtomobilda tashishlarni amalga oshiruvchi milliy tashuvchilarning og‘ir yuk tashuvchi 3824 ta avtotransport vositalari parkini yangilashning prognoz ko‘rsatkichlari tasdiqlanmoqda.

Shuningdek, avtomobil tashuvlari bilan bog‘liq masalalarni tezkor hal etish uchun shaharlar va tumanlarda avtomobil tashuvlarini muvofiqlashtirish shu’balari tashkil etilmoqda.

Avtomobil transportini boshqarish tizimiga intellektual transport tizimi innovatsiya loyihalarining zarur elementlarini joriy etishni nazarda tutuvchi, umumiy qiymati taxminan 90 milliard so‘mni tashkil etuvchi axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish Dasturi tasdiqlanmoqda, jumladan:

  • umumiy foydalanishdagi yo‘lovchilar tashishlarni amalga oshirishni onlayn tarzda avtomatlashtirilgan monitoring qilish tizimini tezkor xizmatlar tizimlari bilan integrallashgan holda yaratish va joriy etish;
  • umumiy foydalanishdagi shahar yo‘lovchilar transportida yagona avtomatlashtirilgan yo‘l haqi to‘lovi tizimini joriy etish;
  • belgilangan vazifalar va funksiyalar bajarilishining tezkorligi va sifatini oshirishga hamda ko‘rsatilayotgan interaktiv davlat xizmatlari ro‘yxatini kengaytirishga imkon yaratuvchi «O‘zavtotrans» agentligi faoliyatining avtomatlashtirilgan axborot tizimlarini yaratish;
  • tashishlar jarayoni, avtovokzallar va avtostansiyalar faoliyatining markazlashgan nozimlik nazorati va boshqaruvi tizimini yaratish va joriy etish nazarda tutilmoqda.

Joylardagi mahalliy davlat organlari qaramog‘ida bo‘lgan umumiy foydalanish yo‘lovchi yo‘nalishlaridagi to‘xtash bekatlarini qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash nazarda tutilmoqda.

«O‘zbekiston 24» telekanalida namoyish etilgan bekatlar dizayni namunalari.

Sohani yanada rivojlantirish bo‘yicha dasturiy chora-tadbirlarni moliyalashtirish maqsadlari uchun O‘zbekiston avtomobil transporti agentligining Avtomobil transportini rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etilmoqda.

Avtomobil transporti sohasini yosh mutaxassislar bilan ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tarkibidagi 3 ta (Nukus avtomobil yo‘l xo‘jaligi va xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kolleji, Andijon transport va xizmatlar ko‘rsatish kasb-hunar kolleji hamda Samarqand avtomobil va yo‘llar kasb-hunar kolleji) «O‘zavtotrans» agentligi tarkibiga o‘tkazilmoqda.

«O‘zavtotrans» agentligi qoshida avtomobilda yo‘lovchilar yoki yuklar tashish, transport-logistika faoliyatini amalga oshiruvchi mustaqil ixtisoslashgan, yuridik shaxs huquqlari bilan unitar korxonalar tashkil etiladi.

Avtotransport vositalarining og‘irlik va gabarit ko‘rsatkichlari nazoratini joriy etish bo‘yicha statsionar va ko‘chma maskanlarni amalda joriy etish chora-tadbirlari rejalashtirilmoqda.

Mazkur qarorning ijrosini ta’minlash O‘zbekistonda avtomobil transportini tashkil etish tizimini takomillashtirish, davlat boshqaruvi va tartibga solish funksiyalarini aniq belgilab olish, tashkiliy va institutsional o‘zgartirishlar, xizmat ko‘rsatish bozori hamda avtomobil tashishlari xavfsizligini shakllantirish va rivojlantirish masalalarini hal etishda maxsus vakolatli davlat organi hisoblangan O‘zbekiston avtomobil transporti agentligi faoliyati samaradorligini oshirishga imkon yaratadi.