1 apreldan chet elga vaqtinchalik mehnat qilish uchun ketayotgan O‘zbekiston fuqarolari temir yo‘l va aviachiptalarga 20 foizlik chegirmaga ega bo‘lishlari mumkin. Shuningdek, ularga temir yo‘l va aviachipta xarid qilish xarajatlarini qisman qoplash uchun 300 ming so‘m miqdorda beg‘araz to‘lov bir yilda bir marta amalga oshiriladi. Mehnat migrantlariga imtiyozli chiptalarni sotish tartiblari Prezidentning 5 martdagi qarori bilan tasdiqlandi.

Imtiyozli chiptani qanday qilib sotib olish mumkin

Fuqarolar bilan ishlash sektorlari vakillari uyma-uy yurib vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun respublika tashqarisiga chiqib ketishni rejalashtirayotgan fuqarolarni aniqlab, ular bilan chet elga xavfsiz chiqish va imtiyozli tariflarda temir yo‘l va aviachiptalar sotuvi mexanizmi masalalari bo‘yicha axborot-tushuntirish va targ‘ibot ishlarini amalga oshiradi.

Potensial mehnat migrantlari elektron ma’lumotlar bazasiga ro‘yxatga qo‘yilishi uchun (imtiyozli chipta sotib olish uchun majburiy shart) Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligiga yuboriladi. Zarurat tug‘ilganida sektorlar va agentlik tomonidan imtiyozli chipta sotib olishga jamoaviy arizalarni qabul qilish uchun guruhlar shakllantiriladi.

Agentlikka murojaat kuni fuqaroni ma’lumotlar bazasiga ro‘yxatga olishda taxminiy ishlash joyi, borish-kelish marshruti va jo‘nash sanasi ko‘rsatiladi.

Agentlik shu kunning o‘zida valyutada hisob raqami ochish va mehnat migrantlari uchun maxsus Visa kartasi ochish, shuningdek agentlik qoshidagi ixtisoslashgan kassadan temir yo‘l va aviachiptani band qilish va sotib olish uchun fuqaro haqidagi ma’lumotlarni «Aloqabank"ga yuboradi.

Kassa bir ish kuni davomida chiptani band qilish uchun «O‘zbekiston temir yo‘llari» yoki «O‘zbekiston havo yo‘llari"ga ariza yuboradi. Tashuvchi bir kun ichida chiptani band qilishi lozim.

Band qilingani to‘g‘risidagi ma’lumotni olgan kassa ikki ish kunida fuqaroni chipta sotish joyi va jo‘nash sanasi haqida xabardor qiladi.

Fuqaro ixtisoslashgan kassaga murojaat qilib, xuddi shu kunning o‘zida imtiyozli tarifli (minus 20 foiz) chiptani 300 ming so‘mlik chegirma (bir yilda bir marta) bilan sotib oladi.

«Aloqabank» bir ish kunida mehnat migrantiga valyuta hisob raqami ochib, Visa plastik kartasini beradi. Karta eng kam komission to‘lov va nol summalik sug‘urta depozitiga ega bo‘ladi.

Imtiyozli chiptani rasmiylashtirishga, ko‘rsatib o‘tilgan jadvalga muvofiq, yetti ish kunidan ortiq muddat talab qilinmasligi kerak.

«O‘zbekiston temir yo‘llari» chiptalariga chegirmani platskart va umumiy vagonlar uchun, «O‘zbekiston havo yo‘llari» esa ekonom klass uchun taqdim etadi.

Chipta xarid qilishda hayot va salomatlik sug‘urtasini rasmiylashtirish mumkin. Bundan tashqari, milliy tashuvchining chet elga vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun ketayotgan fuqaro oldidagi javobgarligini sug‘urtalash mexanizmini joriy etish ham rejalashtirilmoqda.

Mehnat migrantlari, shuningdek «Ipoteka bank"da transport va boshqa xarajatlar uchun 1000 dollargacha ekvivalentda kredit olishlari mumkin. Xalqaro to‘lov kartalari (Western Union, Contact va boshqa) orqali pul o‘tkazish va kreditlarni qoplashning moslashuvchan mexanizmlarini joriy etish rejalashtirilmoqda.

Mehnat migrantlari uchun rus tili va ishlab chiqarish kasblari bo‘yicha bepul kurslar tashkil etiladi. Rossiya, Qozog‘iston, Turkiya va Janubiy Koreyadagi konsullik muassasalarida mehnat migratsiyasi va fuqarolarni ijtimoiy-huquqiy himoya qilish masalalari bo‘yicha xodimlar paydo bo‘ladi.

Joriy yildan boshlab xalqaro avtobus tashuvlari uchun ixtisoslashgan kompaniya faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Uning uchun O‘zbekistonning turli hududlaridan yo‘lga otlanadigan 100 ta avtobus sotib olinadi.