7 mart kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudida O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 159-moddasi 4-qismida (O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda ayblanayotgan sudlanuvchilar Bobomurod Abdullayev, Hayotxon Nasreddinov, Shavkat Olloyorov va Ravshan Salayevlarga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha ochiq sud majlisi boshlandi.

Jinoiy ish sudya Zafar Nurmatov raisligi ostida ko‘rib chiqilmoqda. Sud tomonidan sud jarayoni ishtirokchilarining hozir bo‘lgani tekshirildi, sud tarkibi, tomonlar e’lon qilindi, rad qilish huquqi tushuntirildi, sudlanuvchilarning shaxsi va ularga ayblov xulosalarining nusxalari berilgan vaqt aniqlandi, ish bo‘yicha sudlanuvchilar va tomonlarning huquq hamda majburiyatlari tushuntirildi.

Sud tergovini boshlashdan oldin raislik etuvchi arizalar va iltimosnomalar bor-yo‘qligi to‘g‘risidagi masalani aniqladi.

Advokat Sergey Mayorov tomonidan sudlanuvchi Bobomurod Abdullayevga nisbatan sud-tibbiy ekspertizasini tayinlash to‘g‘risida iltimosnoma kiritildi va ushbu iltimosnoma tegishli tartibda sud tomonidan qanoatlantirildi.

Sergey Mayorovning «Gazeta.uz"ga xabar qilishicha, u 2017 yil 27 sentyabrda qo‘lga olingan Bobomurod Abdullayev bilan Milliy xavfsizlik xizmatining tergov izolyatorida ikki marta uchrashgan.

Advokatning so‘zlariga ko‘ra, himoyalanuvchi «MXX xodimlari bir necha marta uni qiynoqqa solib, urishgan, tan jarohatlarini yetkazishgan, jismoniy va ruhiy zo‘ravonlik qo‘llab, u sodir etmagan jinoyatlarni amalga oshirganini tan olishga majburlangan, hatto boshqa shaxslarga nisbatan yolg‘on ko‘rsatmalar berishga erishishgan. Ushbu tafsilotlar O‘zbekiston bosh prokurori Ixtiyor Abdullayevga yuborilgan arizada ko‘rsatib o‘tilgan.

«Arizada uni urib, qiynoqqa solgan MXX xodimlari ism-shariflari keltirilgan. Va u (Bobomurod Abdullayev — tahr.) shu munosabat bilan ularga nisbatan jinoiy ish ochishni so‘ragan. Uni qiynashgan, biroq 27 sentyabrdan 5 noyabrgacha. Shundan so‘ng uni qiynoqqa solishmagan… Bugungi majlisda ular ish materiallariga qo‘shish uchun mazkur arizani qabul qilish to‘g‘risidagi da’voimni qondirishdi», — dedi u.

Bobomurod Abdullayevning asosan chap qo‘lida gematoma va shilinish ko‘rinishidagi qiynoq asoratlari saqlanib qolgan. «U yerda ko‘karish emas, gematomalar bor. U nima uchun chap qo‘lida ekaniga oydinlik kiritdi: uni o‘ng qo‘lidan kishanlab, chap qo‘liga urishgan va „hujjatlarga qo‘l qo‘yishing uchun o‘ng qo‘ling bizga kerak“, deyishgan», — dedi advokat.

Sergey Mayorovning qayd etishicha, uning himoyasi ostidagi shaxsga olti sutka davomida o‘tirish, yotish va uxlashga qo‘yishmagan. «Uning umurtqasi bilan katta muammosi bor. U egilgan holda o‘tiradi, u to‘g‘ri o‘tira olmaydi. Men sudya qaroridan shikoyat qilmoqchiman, chunki u mening umurtqa to‘g‘risidagi murojaatimni hisobga olmadi», — deya ta’kidladi himoyachi.

Sudyalar tan jarohatlari, ularning xarakteri va og‘irligini aniqlash uchun sud-tibbiyot ekspertizasini tayinladi. «Sud-tibbiy ekspertizasi o‘tkazilishi bilan bizga kelgusi majlis to‘g‘risida xabar qilishadi», — deya ma’lum qildi Sergey Mayorov.