O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 5 mart kuni «Jismoniy tarbiya va sport sohasida davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoni imzoladi.

Farmon bilan Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi va uning hududiy bo‘linmalari negizida Jismoniy tarbiya va sport vazirligini tashkil etish tasdiqlandi. Jismoniy tarbiya va sport qo‘mitasi o‘tgan yilning fevralida Madaniyat va sport vazirligini ikki tuzilmaga bo‘lish yo‘li bilan tashkil etilgan edi.

Vazirlik oldiga aholini sport bilan shug‘ullanish va sog‘lom turmush tarzini olib borishga kengroq jalb qilish, sport sanoati va infratuzilmalarini rivojlantirish, xalqaro sport arenalarida yuqori natijalarga erishish kabi vazifalar qo‘yildi.

Davlat sport qo‘mitasining Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi bazasida vazirlik huzurida Jismoniy madaniyat va sportni rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etilmoqda. O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya instituti negizida O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti tashkil etildi.

Farmon bilan poytaxt viloyatida dunyoning ilg‘or ishlab chiqaruvchilari jalb etilgan holda sport kiyimlari, inventar va uskunalarni ishlab chiqarish bo‘yicha zamonaviy korxonalar faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun «Sport» erkin iqtisodiy zonasini tashkil etish ko‘zda tutilgan.

Samarqand tumanida olimpiya tayyorgarligi va xalqaro musobaqalar o‘tkazish universal markazi, Bo‘stonliq tumanida «Aziya-Chimgan» mehmonxonasi bazasida milliy olimpiya terma jamoalarini tayyorlash universal markazi, Zomin tumanidagi «Aloqachi» sog‘lomlashtirish oromgohi bazasida gimnastika bo‘yicha olimpiya tayyorgarligi markazi, Chortoq tumanidagi serjantlar tayyorlash maktabi bazasida sport o‘yinlari bo‘yicha markaz va Shahrisabz tumanidagi «Gulnora» sog‘lomlashtirish oromgohi bazasida sport yakkakurashlari bo‘yicha olimpiya tayyorgarligi markazi tashkil etiladi.

Endilikda jismoniy tarbiya va sport tashkilotlari, shuningdek, ta’lim muassasalari va sport tashkilotlarida mehnat qilayotgan sport faxriylariga faoliyatning boshqa haq to‘lanadigan turlari bilan shug‘ullanmaslik sharti bilan pensiya to‘liq miqdorda to‘lanadi.