O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 6 mart kuni ikki tomonlama idoralararo maslahatlashuvlar o‘tkazish uchun mamlakatimizga amaliy tashrif bilan kelgan Rossiya Federatsiyasi moliya vaziri Anton Siluanovni qabul qildi, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Uchrashuvda moliyaviy sohadagi samarali muloqotni yanada rivojlantirish istiqbollari ko‘rib chiqildi. Moliya, soliq va bojxona organlarini modernizatsiya qilish, mahalliy byudjetlar daromadlarini oshirish va mutanosibligiga erishish, moliyaviy nazorat mexanizmlarini takomillashtirish, qimmatli qog‘ozlar bozorini rivojlantirish va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha ilg‘or tajriba, texnologiyalar va bilimlarni jalb etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Yirik savdo va investitsiya loyihalarini moliyalashtirish borasidagi hamkorlikni kengaytirish muhimligi qayd etildi.

Anton Siluanov Rossiya mamlakatlar o‘rtasida moliyaviy sohadagi keng ko‘lamli va o‘zaro manfaatli amaliy hamkorlikni rivojlantirish va chuqurlashtirishdan manfaatdorligi, bu boradagi sheriklikni davom ettirishga tayyorligini bildirdi.