To‘rt yoshli qizini qiynoqqa solgan X.Abdurahmonov olti oy muddatga ozodlikdan mahrum etildi, deya xabar qildi O‘zA.

Dushanba kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa sudining sudida bu haqdagi qaror e’lon qilindi.

Farzandini kaltaklayotib, buni videoga olgan ota o‘z qizchasiga qarata shunday gaplarni aytgan: «Ikki yildan beri senlarni kim boqyapti? Menga kerakmisan sen? Kerakmassan. Onangga kerakmisan? Onang qayerda? Ikki yildan beri keldimi, sendan xabar oldimi?..»

X. Abdurahmonov sud majlisida qilmishidan qattiq pushaymon ekanini, aslida farzandlarini yaxshi ko‘rishi, o‘sha videoni ikki yil davomida xorijda ishlayotgan turmush o‘rtog‘ini qaytarish maqsadida tasvirga tushirganini aytdi. «Shunday qilsam, zora ayolim bolalariga rahmi kelib qaytar, degan niyatda edim», — dedi u.

Sud majlisida ishtirok etgan sudlanuvchining qarindoshlari so‘zlariga ko‘ra, qizchaning onasi u hali ikki yoshga to‘lmasdan uni otasiga tashlab, o‘zi Turkiya davlatiga ishlashga ketgan. Ota qizchasi va undan kattaroq bo‘lgan o‘g‘liga o‘zi qarab kelgan. Ayolining xorijda yomon ishlar bilan shug‘ullanganini bilgach erkakning sabr kosasi to‘lgan.

«Ayblanuvchi Jinoyat kodeksining 110-moddasida nazarda tutilgan ya’ni „Qiynash“ bilan bog‘liq jinoyatni voyaga yetmagan shaxsga nisbatan sodir etgan, — deydi Jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tumani sudi sudyasi Dilmurod Valiyev. — Jazo tayinlashda barcha holatlar inobatga olindi. Sudlanuvchining avval nojo‘ya qilmishlar sodir etmagani, ya’ni sudlanmagani, qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgani, aslida bolalari taqdiriga befarq emasligi kabilar jazoni yengillashtiruvchi holat, deb baholandi. X.Abdurahmonov olti oyga ozodlikdan mahrum qilindi».

Bundan tashqari, Fuqarolik ishlari bo‘yicha Uchtepa tumani sudining 31 oktyabrddagi qarori bilan sudlanuvchi otalik huquqidan mahrum etildi, bolalar esa ona tarbiyasiga topshirilgan.