Toshkentning Mirzo Ulug‘bek tumani hokimiyati huzurida hokimiyatga tumanni rivojlantirish dasturlarini amalga oshirishda ko‘maklashuvchi konsultativ va maslahat organi — jamoatchilik kengashi tashkil etilmoqda. Bunday ko‘rinishdagi tashabbus O‘zbekistonda ilk bor amalga oshirilmoqda.

«Hamkorlikning bunday shakli xalq bilan muloqot va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish tamoyillariga bevosita javob beradi», — deyiladi hokimiyatning Facebook`dagi sahifasida.

Kengash tarkibi 21 kishi, jumladan tuman aholisi tomonidan yoki o‘z tashabbuslari bilan maxsus onlayn forma orqali nomzodi ilgari surilgan 7 kishidan iborat bo‘lishi ko‘zda tutilgan. Kengash a’zolari bevosita tuman hokimiyatiga bo‘ysunuvchi davlat organi yoki byudjet tashkiloti vakillari bo‘lishi mumkin emas.

O‘z nomzodini ilgari surish uchun hokimiyat tumanning jamiyat rivojiga o‘z hissasini qo‘shishga tayyor faol fuqarolarini xalq ta’limi, sog‘liqni saqlash, jamoat xavfsizligi, biznes, san’at, fan, yoshlar va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha taklif etmoqda.

Arizalar 6 mart kuni 16:00 ga qadar qabul qilinadi. Shu kuni kechqurun kengash tarkibi va birinchi uchrashuv kun tartibi e’lon qilinadi. Birinchi uchrashuv 9 martga belgilangan.