1 martdan dizel yonilg‘isida bir litri uchun 4600 so‘m (+12,1%), EKO turiga mansub dizel yonilg‘isi uchun esa bir litriga 4700 so‘m (+11,9%) miqdorida yagona chakana narx belgilandi. Bu Vazirlar Mahkamasining 28 fevraldagi qarorida ko‘zda tutilgan, deya xabar qildi Norma.uz.

Hujjatga muvofiq, ushbu narxdagi dizel yonilg‘isi to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar, jumladan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari va avtomobillarga yonilg‘i quyish stansiyalariga iste’mol solig‘i hisobga olingan holda yetkazib beriladi.

Fermer xo‘jaliklariga xizmat ko‘rsatuvchi yonilg‘i quyish shoxobchalari bosqichma-bosqich uzoq muddatga tadbirkorlik sub’ektlariga ijaraga beriladi. Bu davlat-xususiy sherikchilik shartlari asosida amalga oshirilishi mumkin.

Ushbu yonilg‘i quyish shoxobchalari fermer xo‘jaliklariga xizmat ko‘rsatish uchun dizel yonilg‘isini neft bazalaridan chegirma bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma bo‘yicha sotib olishlari mumkin.

Dizel yonilg‘isi narxlari so‘nggi bor 2017 yilning noyabrida oshgan edi.