27 fevral kuni Ukraina Iqtisodiy rivojlanish va savdo vazirligida O‘zbekiston va Ukraina o‘rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari yuzasidan konsultatsiya o‘tkazildi, deya xabar qildi Tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.

Tashqi savdo vazirining o‘rinbosari Soxib Saifnazarov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasini Ukraina Iqtisodiy rivojlanish va savdo vazirining o‘rinbosari Natalya Mikolska qabul qildi.

Tomonlar konsultatsiya davomida ikki yoqlama savdo hajmini tubdan oshirishga qaratilgan aniq chora-tadbirlar shuningdek, boshqa O‘zbekiston-Ukraina savdo-iqtisodiy hamkorlik masalalariga qaratilgan muhim masalalarni muhokama qildilar.

Konsultatsiya so‘ngida tomonlar mintaqalararo hamkorlik mexanizmini yo‘lga qo‘yish, joriy yilning uchinchi kvartalida navbatdagi savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Ukraina Hukumatlararo komissiyasi yig‘ilishini shuningdek, Toshkent shahrida ikki mamlakat ishbilarmon doira vakillari ishtirokidagi biznes-forumlarni o‘tkazishga kelishib oldilar.