O‘zbekiston Bosh prokuraturasi bosh prokurorning sobiq o‘rinbosarlari hamda Toshkent viloyatining sobiq prokurorlari Jamshid Fayziyev va Ulug‘bek Sunnatov ushlanganini xabar qildi. Mahkama matbuot xizmati xabariga ko‘ra, ular sobiq bosh prokurori Rashitjon Qodirovga nisbatan jinoyat ishi bo‘yicha ushlangan.

Ayni paytda Bosh prokuratura OAVdagi Toshkent shahar prokurorining sobiq birinchi o‘rinbosari Mir’alam Mirzayev va uning oila a’zolari ushlanganligi to‘g‘risidagi xabarlariga raddiya bildirdi. «Bosh prokuratura ushbu ma’lumot haqiqatga muvofiq emasligini ma’lum qiladi», — deyiladi raddiyada.

Bosh prokuratura tezkor tadbirlar va dastlabki tergovga ziyon yetkazishi, aybdor shaxslarni o‘z vaqtida fosh etish va ushlashga to‘sqinlik qilishi mumkinligi sababli jinoiy ish tafsilotlari e’lon qilinmasligini tushuntirib o‘tdi.

«Bosh prokuratura O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi talablariga muvofiq tergov organi dastlabki tergovni olib borish vaqtida jinoyat ishidagi barcha ma’lumotlarni yoki uning muayyan qismidagi ma’lumotlarni oshkor qilinmaydigan deb e’tirof etishga haqli ekanligini ma’lum qiladi», — deyiladi xabarda.

«Bu turdagi ma’lumotlar tergovning sifatli, to‘la va xolisona o‘tkazilishini ta’minlash, shuningdek jinoyat izlarining yo‘q qilinishi, jinoiy yo‘l bilan topilgan ashyolar, vositalarning yashirilishi, tergov organlarining haqiqatni aniqlash borasidagi faoliyatiga to‘sqinlik qilinishi yoki tergov jarayonini qiyinlashtiruvchi boshqa qonunga xilof harakatlar sodir etilishining oldini olish maqsadida oshkor qilinmaydi», — deya ta’kidlanadi xabarda.

«Mazkur jinoyat ishi bo‘yicha tergov sirini tashkil qilmaydigan qo‘shimcha axborotlar vujudga kelishi barobarida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining rasmiy saytida tegishli ma’lumotlar chop etib borilishi ma’lum qilinadi», — deyiladi xabarda.