O‘zbekiston Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi huzuridagi «Avtoyo‘lta’minot» korxonasi 100 donadan ziyod yo‘l-qurilish va ta’mirlash texnikalarini xarid qildi. Ushbu texnikalar mamlakatdagi yo‘l-qurilish korxonalari o‘rtasida taqsimlanadi.

Qo‘mita matbuot xizmatining xabar qilishicha, mashinalar UzXCMG QK hammuassisi hisoblangan Xitoyning Xuzhou Construction Machinery Group kompaniyasi tomonidan yetkazib berilmoqda. Texnikalarga texnik xizmat ko‘rsatish uchun respublika bo‘yicha ta’mirlash bazalarining keng tarmog‘i yaratiladi.

Sotib olingan texnikalar orasida g‘altak mashinalar, avtogreyderlar, asfaltyotqizgichlar, ekskavatorlar va asfalt-beton zavodlari mavjud. Birinchi yarim yillik so‘ngiga qadar yana 100 dan ortiqroq texnika xarid qilinib, ularning jami soni 223 taga yetkaziladi.

O‘tgan yilning fevralida Prezident yo‘l xo‘jaliklarini boshqarish tizimini takomillashtirish to‘g‘risidagi farmonni imzolab, 2017−2018 yillarda hududiy avtomobil yo‘llarini rivojlantirish dasturini tasdiqlagan edi. Dasturda 5454 km xo‘jaliklararo qishloq yo‘llari, shahar, shahar posyolkalari, qishloqlar va ovullar ko‘chalarini, jumladan Toshkentda 332 km yo‘l va ko‘chalarni kapital va joriy ta’mirlash ko‘zda tutilgan.