Toshkentda 1990-yillar oxiridan buyon yirik bayramlar arafasida o‘tkazib kelinayotgan «Tozalash-antiterror» operatsiyasi to‘xtatildi. Bu haqda payshanba kuni bo‘lib o‘tgan haftalik brifingda Toshkent IIBB boshlig‘i o‘rinbosari Doniyor Toshxo‘jayev xabar qildi.

«Tozalash-antiterror» tadbirlari Mustaqillik kuni, Konstitutsiya kuni, Yangi yil, Navro‘z va boshqa bayramlar arafasida o‘tkazilar edi.

Ushbu operatsiyaning o‘rniga Prezidentning 14 fevraldagi Toshkentda jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashning sifat jihatdan yangi tizimlarini joriy etish to‘g‘risidagi qarorida ko‘zda tutilgan «Xavfsiz hudud» kompleks tadbirlari egalladi.

IIBB rahbariyati vakili pasport-viza nazorati avvalgidek bo‘lmasligini qo‘shimcha qildi.

«IIB xodimlari sektorlardagi oilalarning ijtimoiy holatini o‘rganadi va qandaydir muammolar aniqlangan taqdirda, ularga munosabat bildiriladi. Aytish kerak bo‘lsa, kishini propiskaga qo‘yishga yordam lozim bo‘lsa, biz buni qilamiz. endi propiskasiz odam aniqlansa, darhol rasmiylashtirilmaydi. Avvaliga ogohlantiriladi», — deya ishonch bildirdi Doniyor Toshxo‘jayev.