O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 28 fevral kuni Pokiston, Shveysariya, Latviya, Isroil, Germaniya, Slovakiya va Xitoyning mamlakatdagi favqulodda va muxtor elchilari etib tayinlangan Irfon Yusuf Shomiy, Olive Shav, Mixails Popkovs, Eduard Shapir, Gyunter Overfeld, Yan Bori va Szyan Yandan ishonch yorliqlarini qabul qildi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar qildi.

Davlat rahbari elchilarni O‘zbekistonda diplomatik missiyasini boshlagani bilan samimiy qutlab, mas’uliyatli faoliyatida yuksak yutuq va muvaffaqiyatlar tiladi.

Marosimda O‘zbekiston kuchli fuqarolik jamiyati va jadal rivojlanayotgan bozor iqtisodiyotiga ega erkin va demokratik davlat barpo etishning yangi tarixiy bosqichiga qadam qo‘ygani alohida ta’kidlandi.

Ochiq tashqi siyosat olib bormasdan, ko‘p qirrali va o‘zaro manfaatli xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yib, mustahkamlamasdan turib belgilangan vazifalarni amalga oshirib bo‘lmasligi ta’kidlandi.

Davlatimiz rahbari O‘zbekiston Markaziy Osiyoda xavfsizlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlashda bundan buyon ham barcha sa’y-harakatlarini safarbar etishi hamda ochiq, do‘stona va amaliy tashqi siyosat olib borishni davom ettirishini alohida ta’kidladi. Bunda avvalo qo‘shni davlatlar bilan munosabatlarga alohida e’tibor beriladi.

Shuningdek, dunyoning yetakchi mamlakatlari bilan o‘zaro manfaatli va uzoq muddatli sheriklikni kengaytirish siyosati davom ettiriladi.

Prezident o‘z nutqida yangi elchilarni tayinlagan mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari va o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish va mustahkamlashning ustuvor yo‘nalishlariga to‘xtaldi.

O‘zbekiston Prezidenti so‘zining yakunida xorijiy elchilarga mamlakatning vazirlik, idora va tashkilotlari bilan faol ishlash, joylardagi salohiyat va imkoniyatlar, xalqimizning boy tarixi va madaniyati bilan yaqindan tanishish uchun hududlarga tez-tez tashrif buyurishni taklif etdi.

Turli masu’liyatli lavozimlardagi faoliyati davomida to‘plangan tajriba xorijiy diplomatlarga belgilangan maqsadlarga samarali erishish hamda O‘zbekiston bilan ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlash yo‘lida o‘z zimmasiga yuklatilgan muhim missiyani muvaffaqiyatli ado etishga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.

O‘z navbatida, yangi tayinlangan elchilar samimiy qabul uchun davlat rahbariga minnatdorlik bildirib, mamlakatlar o‘rtasidagi keng miqyosli va o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga bor sa’y-harakatlarini safarbar qilishini qayd etdilar.