2007 yilda sudlangan andijonlik huquq himoyachisi Isroil Xoldorov ozodlikka chiqarildi. Bu haqda jinoyat ishlari bo‘yicha Qashqadaryo viloyat sudidan «Gazeta.uz"ga xabar qilindi.

Isroil Xoldorov 2007 yil 19 fevral kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon viloyat sudi tomonidan Jinoyat kodeksining 159 (O‘zbekiston Respublikasi konstitutsion tuzumiga tajovuz qilish), 216 (Jamoat birlashmalari yoki diniy tashkilotlarni qonunga xilof ravishda tuzish), 223 (Qonunga xilof ravishda chet elga chiqish yoki O‘zbekiston Respublikasiga kirish) va 244−1- (Jamoat tartibi va jamoat xavfsizligiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) moddalarida ko‘zda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanib 6 il muddatga ozodlikdan mahrum etilgan edi.

2012 yil 16 iyun kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Navoiy shahar sudi tomonidan JK 221-modda 2-qism «b» bandiga ko‘ra (jazoni ijro etish muassasasi ma’muriyatining qonuniy talablariga bo‘ysinmaslik) 60-modda (bir necha hukm yuzasidan jazo tayinlash) 3 yil 3 oy 27 kunga ozodlikdan mahrum etilgan.

2015 yil 15 sentyabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Qarshi sudi tomonidan Isroil Xoldorov JK 221-modda 2-qism «b» bandi bilan 3 yil 6 oy muddatga, JK 60-modda qo‘llanilgan holda 3 il 6 oy 10 kun muddatga ozodlikdan mahrum etilgan.

2018 yil 15 fevral kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Qashqadaryo viloyat sudi tomonidan JKning 57-moddasi (Yengilroq jazo tayinlash) qo‘llanilgan holda 2 yil 5 oy 20 kun muddatga ozodlikni cheklash jazo turi tayinlandi. 61-modda (Jazolarni qo‘shishning hisoblash qoidalari) qo‘llanilgan holda 60-modda bilan 2 yil 5 oy 25 kun muddatga ozodlikni cheklash jazo turi belgilandi.

JKning 62-modda (dastlabki qamoq vaqtini belgilash) qo‘llanilgan holda Isroil Xoldorov yuqorida tayinlangan jazolar o‘talgani hisobga olinib ozodlikka chiqarildi.