2018 yil oxirigacha O‘zbekistonda xalqaro plastik kartalarga xizmat ko‘rsatish uchun 1045 ta bankomat o‘rnatish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Markaziy bank Valyutani tartibga solish va to‘lov balansi departamenti direktori Bobir Abubakirov chorshanba kuni bo‘lib o‘tgan Xalqaro press-klub majlisida ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bankomatlar kunu tun ishlaydi va mijoz nafaqat xorijiy valyuta, balki so‘mda ham pullarini naqdlashtirib olishi mumkin.

Mart oyida sayyohlar tashrif buyuradigan joylar, ko‘chalar, bozorlar va savdo nuqtalarida 200 dan ziyod bankomatlar o‘rnatiladi.

Xalqaro to‘lov tizimlari kartalarini qabul qilish uchun terminallar Visa, Mastercard va boshqalar bilan integratsiya qilinadi. «Buni yaqin vaqtlarda amalga oshiramiz», — dedi Bobir Abubakirov.

U mamlakatdagi oltita bank UnionPay kartalarini qabul qilishni boshlaganini qo‘shimcha qildi.