27 fevral kuni Buxoro, Samarqand, Toshkent, Navoiy, Toshkent viloyatlari va Toshkentda kuchli shamol va qattiq yomg‘ir yog‘ishi qayd etildi.

Poytaxtda shamol tezligi 16 m/s gacha kuchaydi, deya xabar qildi Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati. Buning oqibatida Olmazor tumanida yo‘lning qatnov qismiga daraxt qulab tushdi. Tuman obodonlashtirish boshqarmasi kuchlari qisqa muddatlarda oqibatlarni bartaraf etdi.

Samarqand viloyatining Urgut, Kattaqo‘rg‘on va Samarqand tumanlarida, Toshkent viloyatining Bo‘stonliq, Toshkent va Yangiyo‘l tumanlarida, shuningdek Toshkentda qattiq yomg‘ir yog‘di.

Natijada Toshkentning ayrim tumanlarida suv toshish kuzatilib, turar joylar va ma’muriy binolarning ba’zi qismlariga suv sizib kirgan. Obodonlashtirish boshqarmasi va FVB kuch hamda vositalari yordamida jala oqibatlari bartaraf etildi.

Samarqand viloyatining Urgut, Kattaqo‘rg‘on va Samarqand tumanlaridagi tog‘li hududlarda sel kelishi kuzatildi. Joylarda FVB va IIB xodimlari hamkorlikda profilaktika tadbirlarini o‘tkazdi. Jabrlanganlar to‘g‘risida ma’lumotlar yo‘q.

Bir kun davomida Samarqand viloyatining tog‘li hududlarida oylik yog‘ingarchiliklar me’yorining 67 foizi yog‘di.

Avvalroq xabar qilinganidek, 1 mart kuni O‘zbekiston bo‘ylab yomg‘ir yog‘ishi, ayrim joylarda kuchayishi va jalaga aylanishi kutilmoqda. 17−22 m/s tezlikda shamol esib, 23−28 m/s gacha kuchayishi mumkin. 1−2 mart kunlari respublikaning tog‘ oldi va tog‘li hududlarida sel kelishi xavfi bor.