O‘zbekiston Pezidenti Shavkat Mirziyoyev 28 fevral kuni Davlat maktabgacha ta’lim muassasalari xodimlarining ayrim toifalari mehnatiga haq to‘lashni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarorga imzo chekdi.

Hujjat bilan 1 martdan boshlab mudirlar, tarbiyachilar, metodistlar, o‘qituvchilar, defektologlar, psixologlar, musiqa rahbarlari va tarbiyachining yordamchilari mehnatida haq to‘lashning bazaviy tarif stavkalarini 30 foizga oshirish tasdiqlandi.

Bundan tashqari, 1 sentyabrdan boshlab:

  • tayyorgarlik (5 yoshdan 6−7 yoshgacha) guruhi tarbiyachilari, oliy ma’lumotli o‘qituvchilar, defektologlar, psixologlar mehnatida haq to‘lashning bazaviy tarif stavkalarini, ularning bazaviy tarif stavkalari miqdorlarini umumta’lim maktablari boshlang‘ich sinflari o‘qituvchilarining bazaviy tarif stavkalari miqdorlariga tenglashtirgan holda — 30 foizga;
  • oliy yoki o‘rta maxsus, kasb-hunar pedagogik ma’lumotli tarbiyachining o‘rinbosarlari mehnatiga haq to‘lashning bazaviy tarif stavkalarini — 20 foizga;
  • maktabgacha ta’lim muassasalari mudirlari mehnatiga haq to‘lashning bazaviy tarif stavkalarini — 10 foizga tabaqalashtirib oshiriladi.

1 martdan boshlab davlat maktabgacha ta’lim muassasalarida tarbiyachining yordamchisi mehnatiga haq to‘lash tartibi bazaviy tarif stavkalaridan kelib chiqib joriy etiladi.

2023 yil 1 yanvargacha bo‘lgan muddatda Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod, Kasbi, Mirishkor, Qamashi, Chiroqchi, Nishon, Yakkabog‘ va G‘uzor tumanlarida, Buxoro viloyatining Olot, Shofirkon, Qorako‘l, Peshku va Romitan tumanlarida, Surxondaryo viloyatining Qiziriq, Muzrabot, Oltinsoy, Boysun, Qumqo‘rg‘on, Uzun, Sariosiyo tumanlarida joylashgan davlat maktabgacha ta’lim muassasalarida bolalar saqlangani uchun amaldagi ota-onalar to‘lovi miqdori ikki baravar pasaytiriladi.