«O‘zbekiston havo yo‘llari» Milliy aviakompaniyasi Navro‘z bayrami kunlari (18−22 mart) respublika ichidagi qatnovlarga chegirmalar e’lon qildi. Bu haqda aviatashuvchi matbuot xizmati xabar berdi.

30 foizlik chegirma yakka yo‘lovchilarga, 40 foizlik chegirma esa turistik guruhlarga (besh va undan ortiq kishi), 6 yoshdan 15 yoshgacha bo‘lgan maktab yoshidagi bolalar, kollej, litsey va OTMlarning talabalari uchun joriy etildi. 50 foizlik chegirma ikki va undan ortiq kishidan iborat oilalar hamda 2−12 yoshdagi farzandlari bilan yo‘lga chiqqan ota-onalar uchun joriy etildi.

Chegirmalar 18, 19, 20, 21 va 22 mart kunlari respublika ichida amalga oshiriluvchi qatnovlarga tatbiq etiladi.

28 dekabr kuni O‘zbekiston Prezidenti shavkat Mirziyoyev «Rasmiy sanalarni nishonlash davrida qo‘shimcha ishlanmaydigan kunlarni belgilash va 2018 yilda dam olish kunlarini ko‘chirish to‘g‘risida"gi farmonni imzolagan edi.

Hujjatga ko‘ra, o‘zbekistonliklar navro‘z bayramida ketma-ket besh kun dam oladi: 18 mart — kalendar bo‘yicha dam olish kuni, 19 mart — 17 martdan ko‘chirilgan dam olish kuni, 20 mart — qo‘shimcha ishlanmaydigan kun, 21 mart — ishlanmaydigan bayram kuni va 22 mart — 24 martdan ko‘chirilgan dam olish kuni.