Uzbek Tigers yarim professional boks klubi Jahon boks seriyasi (WSB) VIII mavsum ikkinchi turi doirasida Cuba Domadores ustidan g‘alaba qozondi. Seshanba kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan uchrashuv 4:1 hisobida yakunlandi.

Gavanadagi mag‘lubiyatdan so‘ng O‘zbekiston kubalik mehmonlarga qarshi kuchli tarkib tuzdi.

Olimpiya chempioni, Osiyo chempioni, jahonning vitse-chempioni Hasanboy Do‘smatov (49 kg gacha) ikki karra jahon chempioni, Olimpiada bronza medali sohibi Xoanis Arxilagosdan Gamburgda o‘tgan 2017 yilgi jahon chempionati finalidagi mag‘lubiyati o‘chini oldi. Andijon vakili 3:0 (48/47, 48/47, 48/47) hisobida ustun keldi (video).

2016 yilgi Olimpiadada oltin medalga sazovor bo‘lgan Shahobiddin Zoirov uzoq muddatli tanaffusdan so‘ng ringga qaytib, 52 kg gacha vazn toifasida ikki karra Olimpiya o‘yinlari g‘olibi Robeysi Ramires ustidan maqbul 3:0 (49/46, 49/46, 49/46) hisobida g‘alabaga erishdi (video).

Uchinchi qarama-qarshilikda Osiyo chempioni Iqboljon Xoldorov jahon chempioni Endi Krus bilan uchrashdi. Yaqin jangda Cuba Domadores vakili kuchliroq keldi — 1:2 (50/45, 47/48, 47/48) (video).

Navbatdagi uchrashuvda Osiyo chempioni Isroil Madrimov Olimpiya va jahon chempioni Arlen Lopes qarshi ringga ko‘tarildi. O‘zbekiston vakili har bir raundda yanada yaxshiroq jang qildi va hakamlar tomonidan bir ovozdan g‘olib deb topildi — 3:0 (50/45, 50/45, 50/45) (video).

So‘nggi jangda JCH bronza medali sohibi Sanjar Tursunov jahon chempioni Erislandi Savon bilan uchrashdi. Bahsda o‘zbekistonlik sportchi kichik ustunlik bilan g‘alabaga erishdi — 3:0 (48/47, 48/47, 48/47) (video).

1 mart kuni Uzbek Tigers jamoasi Toshkentda Kolumbiyaning Colombian Heroicos jamoasi bilan uchrashadi.