AQSH O‘zbekiston Afg‘onistondagi barqarorlikni ta’minlashda «tarixiy rolni» o‘ynamoqda, deb hisoblaydi, deya xabar berdi RIA Novosti Amerika Davlat departamenti vakili Hezer Nauert bayonotiga tayangan holda.

Bayonot 26−27 mart kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tadigan Afg‘onistondagi vaziyatni o‘nglash bo‘yicha xalqaro konferensiya munosabati bilan e’lon qilindi.

«Biz O‘zbekiston Afg‘onistondagi barqarorlikda tarixiy rolni o‘ynamoqda va ushbu konferensiya ko‘p jihatdan [O‘zbekistonning] xalqaro maydonga qaytishini anglatadi, deb hisoblaymiz», — dedi Hezer Nauert brifingda.

U Afg‘oniston hukumati hamda AQSH vakillari Toshkentdagi anjumanda ishtirok etishini eslatib o‘tdi.

«[Uchrashuvdan] maqsad — tinchlikka erishish bo‘yicha afg‘on hukumati harakatlarini qo‘llab-quvvatlash yuzasidan xalqaro kuchlarni muvofiqlashtirish uchun qator xalqaro sheriklar bilan birgalikda munosabatlarni o‘rnatishga urinishdan iborat», — dedi Davlat departamenti vakili.