Qoraqalpog‘istonning Taxtako‘pir tumanida yil oxiriga qadar suv taqsimlash stansiyasi qayta tiklanadi. Bu Koka-Kola jamg‘armasi hamda Global suv resurslari muammolari bo‘yicha tashkiloti (GWC) hamkorligi natijasida amalga oshirilayotgan Yangi Olam Dasturining (NWP) moliyaviy ko‘magida ish boshlaydigan «Orolbo‘yidagi qishloq hududlarida ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash» loyihasi doirasida amalga oshiriladi.

Orol dengizini qurishi natijasida Qoraqalpog‘istonda bir qator ijtimoiy-iqtisodiy va ekologik muammolar vujudga kelgan. Natijada mahalliy aholining faqatgina 50,8 foizi suv ta’minotining markazlashgan tizimi xizmatidan foydalanish imkoniyatiga ega. Uzoq tumanlarda istiqomat qiluvchilar esa joylarda o‘rnatilgan suv manbalari orqali hamda chuqurligi 400−500 metr bo‘lgan artezian quduqlaridan olinadigan suvni iste’mol qilishmoqda.

Hozirgi vaqtda Taxtako‘pir tumanining hududida maktab, bolalar bog‘chasi va boshqa ijtimoiy muassasalar joylashgan «Ata-ko‘l» qishloq fuqarolar yig‘ining «Makpal-ko‘l» ovulida ichimlik suvini faqatgina qo‘l nasoslari yordamida yoki qishloq fuqarolar yig‘iniga olib kelinadigan sisternalardan olish imkoni mavjud. Bu esa salomatlik va sanitariya borasida muammolarni yuzaga keltirmoqda.

Loyiha doirasida suvni tozalash uchun yangi uskunalarni o‘rnatish, suv taqsimlash stansiyasini ta’mirlash va suv quvurlarini montaj qilish rejalashtirilgan. Loyiha yakuni yetganidan so‘ng 1950 nafar mahalliy aholi toza artezian suvidan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Koka-Kola jamg‘armasi loyihaga 100 ming dollar ajratadi.

Loyihada stansiyaning ishonchli ishlashi va suv ta’minoti tizimlaridan foydalanishni ta’minlash uchun tashabbuskor guruhlar tashkil etish ko‘zda tutilgan. Ta’lim va tibbiyot muassasalarida sanitariya va gigiyena qoidalari bo‘yicha trening va seminarlar o‘tkaziladi.

Tashabbus BMTning bir yil avval boshlangan «Orol mintaqasi uchun inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘psheriklik fondini tashkil qilish orqali Orol fojiasidan zarar ko‘rgan aholining turmush sharoiti salohiyatini mustahkamlash» qo‘shma dasturi doirasida amalga oshirilmoqda.