Samarqand viloyati Pastdarg‘om tumani Chorvador qishlog‘ida tug‘ilgan 41 yoshli Nuridin Kirgizov Rossiyaning Moskva viloyatida istiqomat qiluvchi keksa ayolni yong‘indan qutqarib qolgani uchun mukofotlandi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.

31 yanvar kuni Moskva viloyatining Sofrino posyolkasida sodir bo‘lgan yong‘in vaqtida Nuriddin Kirgizov olov ichida qolgan uyga kirib, keksa yoshli ayolni qutqarish vaqtida og‘ir kuyish jarohatini oladi.

Yong‘in vaqtida jasorat va fidokorlik ko‘rsatgani uchun Nuridin Kirgizov Rossiya Federatsiyasi Yong‘inga qarshi kurashish ko‘ngillilar jamiyatining «Knyaz Aleksandr Lvov» nomli medali hamda Pushkin shahar okrugi boshlig‘idan diplom, shuningdek, Pushkin yong‘in-qutqaruv garnizoni boshlig‘i tomonidan minnatdorlik e’lon qilingan.

Hozirda O‘zbekiston fuqarosi FVV va TIV yordamida vatanga qaytib, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Samarqand viloyati filialida davolanmoqda.

Nuriddin Kirgizovga mukofotlarni O‘zbekiston FVV xodimlari yetkazib qo‘ydi.