25 yanvar kuni «Voditeli Tashkenta (DRIVERS.UZ)» Facebook-guruhida Toshkent ko‘chalari bo‘ylab harakatlangan to‘y korteji «yo‘l harakati xavfsizligiga qasddan tahdid solgani aks etgan» videorolik e’lon qilindi.

Toshkent shahar IIBB YHXB xodimlari tomonidan huquqbuzarlik sodir etgan haydovchilarni aniqlashga qaratilgan qidiruv ishlari amalga oshirildi, deya xabar qildi IIBB matbuot xizmati.

Ma’lum bo‘lishicha, Mercedes Benz, Saturn Sky va to‘rtta Range Rover avtomobillari haydovchilari huquqbuzarlik sodir etgan. Haydovchilarga nisbatan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnomalar rasmiylashtirilgan.

IIBB matbuot xizmatining qayd etishicha, O‘zbekiston Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 129-moddasida shunday keltiriladi: Transport vositalari haydovchilarining yo‘l harakati xavfsizligiga tahdid soluvchi guruh bo‘lib harakat qilishda qatnashishi eng kam ish haqining uch baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi (hozirgi kunda 516 720 so‘mni tashkil etadi).