O‘zbekiston va Tojikistonning chegaradosh tumanlari aholisi «Oybek» xalqaro chegara-bojxona posti orqali qo‘shni davlatga vizasiz o‘tish imkoniyatiga ega bo‘ldi, deya xabar berdi «O‘zbekiston 24» telekanalining «Axborot 24» dasturi. Chegaralarni kesib o‘tishning soddalashtirilgan tartibi 10 fevraldan joriy etildi.

Angren, Bekobod shaharlari, shuningdek Bekobod, Pskent, Ohangaron va Bo‘ka tumanlari aholisi Tojikistonda, Tojikistonning So‘g‘d viloyati Bobojon G‘afurov, Matchoh va Asht tumanlari aholisi O‘zbekistonda besh kun muddatga vizasiz bo‘lib turishlari mumkin.

«Bojxonadan o‘tdim, hech qanday muammolar bo‘lmadi. O‘ylaymanki, kelgusida ham ular bo‘lmaydi. Avvallari deklaratsiya, viza masalasida muammolar bo‘lardi. Hozir esa ichki pasport bilan o‘tdik, tamom», — dedi O‘zbekistonga o‘tgan birinchi 10 kishidan biri, Tojikiston fuqarosi Ergashali Pardayev telekanalga bergan intervyusida.

Eslatib o‘tamiz, 21 fevral kuni O‘zbekiston hukumati Tojikiston bilan davlat chegarasidagi bitta temir yo‘l va sakkizta avtomobil o‘tkazish punktlari, shuningdek bitta chegara posti faoliyatini qayta tiklash to‘g‘risidagi qarorni qabul qilgan edi.