2017 yilda E-SUD elektron sud tizimi orqali fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarga 442,7 ming ariza topshirildi. Bu barcha ko‘rib chiqilgan ishlarning 40 foizini tashkil etadi, deya xabar qildi O‘zbekistondagi BMTTD matbuot xizmati.

Elektron sud tizimining joriy etilishi natijasida sudlariga o‘rtacha tashriflar soni 6−7 martadan 2−3 martagacha qisqardi, shuningdek tomonlarning xarajatlari 10 foizga kamaydi.

Bundan tashqari, E-SUD tizimi yordamida sudlarda O‘zbekistonning uzoq hududlarida istiqomat qiluvchi 3000 nafardan ziyod ayollarning voyaga yetmagan farzandlari uchun aliment to‘lanishi bilan bog‘liq bahslarda ijobiy yechim topdi. Bu 2017 yilda sudlarda fuqarolik ishlari bo‘yicha ko‘rib chiqilgan barcha ishlarning 10 foizini tashkil etadi.

Elektron tizim 2013 yilda ishlab chiqilgan bo‘lib, O‘zbekiston Oliy sudi, AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) va BMT Taraqqiyot dasturining hamkorlikdagi «O‘zbekistonda qonun ustuvorligi sohasidagi hamkorlik» loyihasi doirasida amalga oshirilgan. Bugungi kunda tizim mamlakatdagi fuqarolik ishlari bo‘yicha barcha 75 sudda faoliyat ko‘rsatmoqda.