General-polkovnik Zokirjon Almatov O‘zbekiston ichki ishlar vaziri general-mayor Po‘lat Bobojonovning maslahatchisi etib tayinlandi. IIV rahbari shu haqdagi buyruqni imzoladi, deya xabar berdi vazirlik matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga.

Zokirjon Almatov (1949 yilda tug‘ilgan) 1991−2006 yillarda IIVni boshqargan, so‘ngra nafaqaga chiqqan.

Vazirlik saytida e’lon qilingan rasmiy xabarda qayd etilishicha, O‘zbekiston Prezidentining Qarori bilan ichki ishlar organlarida yosh kadrlar salohiyatini oshirish tizimini yaratish, ularning kasbiy mahoratini yuksaltirish uchun hurmat va obro‘ga ega bo‘lgan xodimlarning ichki ishlar organlaridagi boy amaliy tajribasidan foydalanish maqsadida ichki ishlar vazirining maslahatchisi lavozimi kiritildi.

Zokirjon Almatov ko‘p yillar davomida respublikada jinoyatchilikning oldini olish, jamoat tartibini saqlash, mamlakatda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlashga katta hissa qo‘shgan, deyiladi xabarda.