24 fevral kuni Farg‘ona shahrida O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov va Tojikiston bosh vaziri Qohir Rasulzoda raisligida Davlat chegarasini delimitatsiya va demarkatsiya qilish masalalari bo‘yicha O‘zbekiston-Tojikiston hukumatlararo komissiyaning navbatdagi qo‘shma majlisi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar qildi.

Bo‘lib o‘tgan uchrashuv doirasida O‘zbekiston-Tojikiston Davlat chegarasining ayrim uchastkalar bo‘ylab o‘tadigan chizig‘i loyihasi ko‘rib chiqildi. Qisqa muddat ichida Davlat chegarasini delimitatsiya qilish jarayonida sezilarli muvaffaqiyatga erishilgani qayd etildi.

Shuningdek, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Tojikistonga davlat tashrifi chog‘ida imzolanishi rejalashtirilayotgan ikki tomonlama hujjatlar, bitimlar va shartnomalarni tayyorlash va kelishish kabi oliy darajadagi bo‘lajak tadbirlarning tashkiliy va mazmunli jihatlariga ishtirokchilar e’tibor qaratdilar.