O‘zgidromet tugayotgan qish va mart oyi avvalidagi ob-havo bashoratini tayyorladi.

Qish faslida qor kam yog‘di. Faqatgina fevral oyida ayrim joylarda yillik me’yorga yaqin yog‘ingarchiliklar kuzatildi.

Joriy qishda O‘zbekiston hududi bo‘ylab o‘rtacha oylik havo harorati yillik me’yorga yaqin bo‘ldi, dekabrda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Buxoro, Navoiy viloyatlari, Toshkent, Jizzax, Sirdaryo viloyatlarining ayrim tumanlarida me’yordan 1,2−3,6 daraja past harorat qayd etildi.

20−21 yanvarda O‘zbekistonning qator hududlarida mutlaq yuqori harorat kuzatildi. Toshkentda eng yuqori harorat +18,7 darajaga chiqib, ushbu kunlarda o‘rnatilgan rekorddan 0,1 va 1,2 daraja baland daraja qayd etildi.

Yanvarning so‘nggi besh kunida havo harorati keskin tushib, kechasi −14…−11 darajagacha, ayrim joylarda −18…−16 darajagacha, kunduzi esa −5…−3, ayrim joylarda −8…−6 darajagacha tushdi. Shimol va cho‘l zonalarida kechasi −25…−20, kunduzi — −12…−7, Ustyurtda kechasi −28…−26, kunduzi −17…−12 darajagacha tushdi. Ushbu mavsumda o‘rtacha oylik havo harorati me’yordan 10−12 daraja past ko‘rsatkichni qayd etdi.

Fevralning birinchi dekadasi ham sovuq keldi. Dekada oxirida havo harorati kechasi −10…−8, kunduzi — 0…+5 darajagacha tushdi.

Mart avvalida respublika bo‘ylab Kaspiy dengizi hududidan nam va iliq havo massalarining kirib kelishi kutilmoqda. O‘zbekistonning ayrim hududlarida vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘ishi, tog‘li joylarda qorga aylanishi mumkin. Havo kechasi +4…+9, kunduzi 1−3 mart kunlari +9…+14 daraja, keyinchalik — +15…20, ayrim joylarda +23 darajagacha ko‘tarilishi kutilmoqda.

Mart oyida o‘rtacha oylik havo harorati yillik me’yorga yaqin bo‘lishi, ayrim joylarda esa me’yordan 1−1,5 daraja past bo‘lishi hamda +5…+9 darajani tashkil etishi, janubda — +10…+12 darajagacha tushishi kutilmoqda. Oylik yog‘ingarchiliklar miqdori me’yorga yaqin, ayrim joylarda kamroq bo‘lishi mumkin.

Sinoptiklar 7 kundan ortiq muddatga mo‘ljallangan ob-havo bashorati konsultativ xarakterga ega bo‘lib, muntazam aniqlik kiritilishini qayd etmoqda.

28 fevral-3 mart uchun ob-havo ma’lumotlari