Gematologiya va qon quyish ilmiy-tadqiqot institutida qon o‘zak hujayralari transplantatsiyasi bo‘yicha jarrohlik amaliyotini o‘tkazish o‘zlashtirildi, deya xabar qildi O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati «Gazeta.uz"ga.

2017 ilmiy-tadqiqot instituti olimlari og‘ir qon xastaligiga chalingan besh nafar bemorga tibbiy yordam ko‘rsatdi. Autotransplantatsiya (bemor o‘ziga o‘zi donor bo‘ldi) qo‘llanildi. Mazkur usul limfoma va miyeloma kasalliklarida qo‘llaniladi. Bunday kasalliklarda bemorning asosiy o‘zak hujayralari sog‘lom holatda qolib, jarrohlik amaliyotini ularni bemorga qayta o‘tqazish orqali o‘tkazish mumkin. Qayta operatsiya qilingan bemorlar hozirda tuzalish jarayonida.

Leykozning o‘tkir shakllarida bemorga donor zarur (allotransplantatsiya). O‘zbekiston olimlari ayni paytda mazkur usulni amaliyotga tatbiq etishga tayyorgarlik ko‘rmoqda, deya xabar qildi institut molekulyar tibbiyot va hujayra texnologiyalari bo‘limi mudiri Hamid Karimov.

«Allotransplantatsiya usuli hozirda O‘zbekistonda amalga oshirilmayapti. Joriy yilda «Inson a’zolari, to‘qima va hujayralari transplantatsiyasi to‘g‘risida"gi qonun qabul qilinishi lozim. Biz shuni kutayapmiz», — dedi u «Gazeta.uz"ga.

Kelgusida donorlik yordamiga bo‘lgan ehtiyojni o‘zak hujayralar bankini yaratish orqali to‘liq qoplash rejalashtirilgan.

Hamid Karimovning ta’kidlashicha, qon o‘zak hujayralari transplantatsiyasi bo‘yicha operatsiyani o‘tkazish davlat yordami va Turkiya xalqaro hamkorlik va taraqqiyot agentligi (TIKA) granti asosida amalga oshirildi.

«Bizda operatsiya bepul. Germaniyada bunday operatsiya 150 ming yevro, Turkiyada — 100 ming dollargacha turadi. Yetarli darajada moliyalashtirilsak, yiliga 15−20 kishini operatsiya qila olar edik. Buning uchun biz aralash moliyalashtirishga o‘tishimiz kerak. Hozirda institutimizda to‘liq davlat tomonidan moliyalashtiriladi», — dedi u.

Yangi texnologiyalarni amaliyotga tatbiq etish maqsadida institut qoshida Gemopoetik o‘zak hujayralarni davolash markazi tashkil etildi. Mazkur usulni o‘zlashtirish uchun 35 nafarga yaqin mutaxassis — gematologlar, vrachlar, laborantlar va hamshiralar — Turkiya, Germaniya, Rossiya, Chexiya va AQSHda malaka oshirib qaytdi.