O‘zbekiston hukumatining 21 fevraldagi qarori bilan Tojikiston bilan davlat chegarasidagi qator o‘tkazish punktlari faoliyatini qayta tiklash tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligidan «Gazeta.uz"ga xabar qilindi.

Hujjat bilan O‘zbekiston Samarqand viloyatidagi «Jartepa», Jizzax viloyatidagi «Kushkent», «Uchturgan», Sirdaryo viloyatidagi «Xovostobod», Toshkent viloyatidagi «Bekobod», Namangan viloyatidagi «Pop», Farg‘ona viloyatidagi «Ravot», Surxondaryo viloyatidagi «Gulbahor» avtomobil yo‘llari o‘tkazish punktlari hamda «Amuzang» temir yo‘l o‘tkazish punktining muhandislik-kommunikatsiya va yo‘lbo‘yi infratuzilmasini yanada rivojlantirish nazarda tutilmoqda. Shuningdek, Samarqand viloyati Urgut tumanidagi Jartepa aholi punkti hududidagi chegara posti tashkil etiladi.

Bundan tashqari, o‘tkazish punktlariga tutash avtomobil yo‘llari bo‘yida zamonaviy standartlarga mos yo‘lbo‘yi infratuzilmasini tashkil etish tadbirlarini o‘tkazish, shuningdek, fuqarolar uchun zarur ijtimoiy-maishiy sharoitlar yaratish belgilanmoqda.

Qaror bilan 2019−2020 yillarda chegara posti uchun infratuzilmalarni qurish rejalashtirilgan.

«O‘zbekiston temir yo‘llari» kompaniyasiga 1 martgacha O‘zbekiston hududi doirasida G‘alaba — Xoshadiy temir yo‘l uchastkasi rekonstruksiya qilinishini ta’minlash va o‘tkazish punktida zarur xizmat-maishiy sharoitlar yaratish vazifasi topshirildi.